
2027-yilgi Chevrolet Tahoe va Chevrolet Suburban modellarida Keyless Entry Pad opsiyasi endi taklif etilmaydi. Avval ushbu tizim barcha komplektatsiyalar uchun $295 narxda mavjud edi.
GM Authority xabar berishicha, Keyless Entry Pad haydovchiga an’anaviy kalit pultisiz avtomobil eshigini ochish imkonini berardi. Haydovchi eshigi yonidagi besh xonali klaviaturaga maxsus kod kiritish orqali mashinani qulfdan chiqarish mumkin bo‘lgan.
Opsiya nima sababdan bekor qilingani noma’lum
General Motors hozircha Keyless Entry Pad nega 2027-yilgi Tahoe va Suburban’dan olib tashlanganini rasman tushuntirmagan.
Biroq kompaniya bu modellarda yangi Digital Key funksiyasini ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Ushbu texnologiya 2026 va 2027-yilgi Tahoe hamda Suburban’da dekabr oyidan faollashtirilishi kutilmoqda.
Shu sabab eski klaviaturali tizim yangi raqamli kalit texnologiyasi tufayli bekor qilingan bo‘lishi mumkin. Ammo GM buni rasman tasdiqlamagan.
Uch xil dvigatel taklif etiladi
2027-yilgi Chevrolet Tahoe va Suburban uch xil dvigatel bilan chiqariladi. Modellar 5,3 litrli V8 va 6,2 litrli V8 benzin dvigatellari, shuningdek, 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel bilan taklif etiladi.
Barcha dvigatellar 10 pog‘onali avtomatik uzatma qutisi bilan ishlaydi. Ikkala SUV ham GM’ning T1 platformasida ishlab chiqariladi va Texasdagi Arlington zavodida yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq General Motors Chevrolet Equinox EV’dagi muammoni o‘rganayotganini xabar qilgandi. Muammo, asosan, avtomobil orqaga harakatlanayotganda kuzatilishi mumkin. GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, shovqin ko‘proq avtomobilning orqa qismidan, orqaga yurish vaqtida eshitilishi mumkin.