Chevrolet Cobalt qo‘shni respublikada ham yetakchilikni qo‘ldan bermayapti

17-iyun 2025 17:51 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt qo‘shni respublikada ham yetakchilikni qo‘ldan bermayapti / Foto: Kolesa.kz

2025-yil may oyida Qozog‘istonda yangi avtomobillar savdosida keskin o‘sish kuzatildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan bu yil may oyida 51,4 foiz ko‘proq – 19 377 dona transport vositasi sotilgan. Bu haqda Qozog‘iston avtomobil ittifoqi (QAO) xabar bermoqda. Eng ko‘p sotilgan modellar ro‘yxatida Chevrolet Cobalt peshqadamlikni saqlab qolib, may oyida 1869 dona sotilgan.

Bu ko‘rsatkichlarning asosiy qismini, aniqrog‘i 18 576 donasini yengil avtomobillar va yengil tijorat texnikasi tashkil qilgan. Og‘ir texnika – yuk avtomobillari va avtobuslar soni esa 801 donani tashkil etdi.

Foto: Car and drivers

Qozog‘iston avtomobil ittifoqining hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan may oyining oxirigacha bo‘lgan besh oy ichida mamlakatda 85 467 dona transport vositasi sotilgan. Bu esa 2024-yilning shu davriga nisbatan 28,7 foizga ko‘pdir.

Eng ko‘p avtomobil sotgan brendlar orasida may oyida yetakchilikni Hyundai saqlab qoldi. 4004 dona Hyundai mashinasi sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 66,3 foizga ko‘pdir. Ikkinchi o‘rinda Chevrolet – 2344 dona avtomobil (+74,3 foiz), uchinchi o‘rinda esa Kia – 2004 dona avtomobil bilan qayd etilgan. Bu yil ilk bor to‘rtinchi o‘ringa Changan chiqdi – 1526 dona mashina bilan. Chery esa 1367 dona sotuv bilan beshinchi o‘ringa tushdi.

Foto: KIA

Eng ko‘p sotilgan avtomobillar

O‘rinModelSotuv hajmi (dona)
1Cobalt1869
2Hyundai Tucson1554
3Kia Sportage995
4Changan CS55 Plus864
5Hyundai Mufasa581
Foto: Changan

Yil boshidan buyon eng ko‘p mashina sotgan brend hali ham Hyundai bo‘lib turibdi. U 20 102 dona avtomobil sotgan. Chevrolet (11 078 dona) va KIA (9116 dona) undan sezilarli orqada. Keyingi o‘rinlarda Chery (5898 dona) va Jetour (5749 dona) qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda ham eng ko‘p sotilgan model bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek