
X’dagi @ya_sking12767 nomli foydalanuvchi Samsung Galaxy S25 smartfoni quvvat olayotganda portlab ketganini ma’lum qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda. U buzilgan qurilmaning suratlarini ham e’lon qilgan.
Xabarlarga ko‘ra, telefonning o‘rta qismi erib ketgan. Hozircha hodisa tafsilotlari aniqlashtirilmagan. Foydalanuvchi ehtimol, original bo‘lmagan zaryad qurilmasidan foydalangan bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, Galaxy telefonlarida haddan tashqari qizib ketishning oldini oluvchi avtomatik himoya tizimi mavjud.
Galaxy S25 Plus modeli 4900 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 45 vattli tez zaryadlash funksiyasiga ega.
Shuningdek, shu hafta yana bir Samsung qurilmasi – Galaxy S23 Ultra ham quvvat olayotganda qizib ketgani va akkumulyator shishib, orqa qopqog‘i yorilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Ma’lumot uchun, 2022-yilda Samsung smartfonlarida akkumulyator bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, uzoq muddatli foydalanishdan so‘ng batareya shishib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi.
2016-yilda Galaxy Note 7 smartfonlari ham batareya muammosi tufayli yonib ketgan va Samsung bu modelni butunlay ishlab chiqarishdan to‘xtatgan edi.
Samsung – Janubiy Koreyada joylashgan dunyodagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biri. 1938-yilda asos solingan bu korxona dastlab oziq-ovqat eksporti bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, keyinchalik elektronika sanoatiga kirgan.
Aynan shu sohada jahonga mashhur bo‘ldi. Samsung smartfon, televizor, maishiy texnika, yarimo‘tkazgichlar, xotira chiplar va ekran panellarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung yangi smartfonlarini taqdim etishi kutilayotgani haqida yozgan edi.