
Har bir qismini qo‘lda almashtirish mumkin bo‘lgan, besh yillik kafolatga ega smartfon taqdim etildi. Fairphone kompaniyasi ekologik tozaligi va ta’mirlashga yaroqliligi bilan mashhur bo‘lgan smartfonining oltinchi avlodini oldindan sotuvga qo‘ydi.
Ushbu qurilma modulli tuzilmasini saqlab qolgan bo‘lib, ekran, batareya, USB-C porti kabi 12 ta komponentni oddiy buragich yordamida almashtirish mumkin.




Smartfon qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan, Gorilla Glass 7i bilan himoyalangan, IP55 namlik va changdan himoya darajasiga ega va yerga tushib ketganda sinmaslik ehtimoli yuqori.
Fairphone 6 quyidagi texnik xususiyatlarga ega:
- 6,31 dyuymli LTPO OLED displey (120 Gs yangilanish tezligi, FHD+ aniqligi, 1400 nit yorqinlik);
- Snapdragon 7s Gen 3 protsessori;
- 8 GB tezkor xotira, 256 GB ichki xotira (microSD orqali 2 TB gacha kengaytirish mumkin);
- 4415 mA/soat batareya, 30 vattli tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Kamera tizimi quyidagilardan iborat:
- 50 MP Sony MYT700C asosiy kamera;
- 13 MP ultra keng burchakli modul;
- 32 MP old (selfi) kamera;
Smartfon 2033-yilgacha yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlaydi. U 5 yillik kafolat, Wi-Fi 6E, Bluetooth 5,4, NFC va stereodinamiklar bilan jihozlangan. Orqa panel modulli bo‘lib, unga turli aksessuarlar, masalan, kartalar uchun joy yoki bilaguzuk ilovasi, qo‘shish mumkin.
Smartfon Horizon Black, Cloud White va Forest Green ranglarda, 600 yevro ($704,4) narxda oldindan buyurtmaga taqdim etilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vivo X Fold 5 rasman taqdim etilgani haqida yozgandi.