
BYD kompaniyasi arzon narxdagi BYD Seagull avtomobili (Yevropada Dolphin Surf nomi bilan tanilgan) 1 million nusxada ishlab chiqarilganini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Bu model 2023-yil aprel oyida taqdim etilgan edi.
Seagull BYD’ning eng arzon avtomobili bo‘lib, Xitoyda narxi 63 800 – 82 800 yuan ($8 900 – $11 500) oralig‘ida. 2024-yil may oyida u Xitoyda eng ko‘p sotilgan ikkinchi avtomobil bo‘ldi. Ushbu modelning narxi O‘zbekistonda 208 mln so‘mdan boshlanadi.

Yaqinda Seagull Yevropaning 15 mamlakatida Dolphin Surf nomi ostida sotuvga chiqdi. Narxi 22 990 yevrodan (taxminan $26,9 ming) boshlanadi. Yevropa versiyasi Xitoydagisidan 210 mm uzunroq bo‘lib, quvvat va batareya hajmi deyarli bir xil.
Xitoydagi asosiy model 30 kVt/soatli LFP batareyaga ega. U CLTC standarti bo‘yicha 305 km masofani bosib o‘tadi. Elektromotor quvvati 55 kVt, 0 dan 50 km/soat tezlikka 4,9 soniyada chiqadi.

BYD ma’lumotiga ko‘ra, 31-may holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 992 637 dona Seagull sotilgan. 1 mlnlik ko‘rsatkich esa iyun oyining birinchi haftasida erishildi.
2025-yilning yanvar – may oylarida BYD 233 ming dona Seagull sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 50% ko‘p. Seagull hozircha Xitoyda yil boshidan beri eng ko‘p sotilgan uchinchi model bo‘lib, Geely va Wuling‘dan keyin turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda BYD kompaniyasining yangi arzon elektromobili – BYD Seal 06 EV elektromobilining savdosi ochilgani haqida yozgan edi.