
Xiaomi Auto kompaniyasi o‘zining yangi elektr SUV modeli – Xiaomi YU7 modeliga yuqori talab sabab ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Kompaniya Pekindagi Yizhuang hududida joylashgan F2 zavodiga ishchilarni yollashni boshladi. Bu YU7’ning uzoq yetkazib berilish muddatlarini qisqartirishga qaratilgan.

YU7 sotuvga chiqarilganidan atigi 18 soat o‘tib, 240 mingdan ortiq buyurtma rasmiylashtirildi. Hozirda avtomobilni yetkazib berish muddati modelga qarab 38 haftadan 60 haftagacha, ya’ni 9,5 oy – 15 oy orasida bo‘lmoqda. Eng qisqa muddat Max versiyasi uchun — 9,5 oy. Buyurtma rasmiylashgach, u bekor qilinmaydi. Lekin konfiguratsiyani 7 kun ichida o‘zgartirish mumkin.
Xiaomi asoschisi Lei Jun bu boradagi xavotirlarga javoban kompaniya ishlab chiqarishni tezlashtirish ustida ishlayotganini aytdi. PR bo‘limi esa etkazib berish sanalari doimiy yangilanib borishini ma’lum qildi.

Xiaomi’ning Yizhuangdagi ilk zavodi yiliga 150 mingta mashina ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin bu yerda ilgari ishlab chiqarilgan SU7 sedani ham yig‘ilayotganligi sababli YU7 uchun quvvat yetarli emas.
Shu bois F2 zavodi iyul oyida ishga tushiriladi. U yerga 18 – 38 yoshdagi erkaklar yollanmoqda, ish vaqti – 11 soatlik ikki smenali grafikda. Ish haqi kuniga 230 yuan (taxminan $32) bo‘lib, har kuni to‘lanadi.

Bundan tashqari, Xiaomi yaqinda Yizhuangda yana 52 gektar yer sotib oldi. U yerda yangi zavod (F3 bosqichi) qurilishi mumkin. 2025-yil iyun oyida esa yana bir yer maydoni uchun 635 million yuan (87 million dollar) to‘lab, u yerda elektromobil va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Biroq bu rasmiy uchinchi zavod ekani hali tasdiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7 SUV 60 daqiqada 300 mingga yaqin buyurtma olgani haqida yozgan edi.