
Xitoyning Leapmotor kompaniyasi yangilangan Leapmotor C11 krossoverining 2026-yilgi modelini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Avtomobil 3-iyuldan boshlab Xitoy bozorida oldindan buyurtmaga chiqarildi. Uning boshlang‘ich narxi 158 800 yuan (taxminan $22 ming).
Model ikkita versiyada taqdim etiladi: faqat elektr dvigatelli (BEV) va benzinli generator bilan jihozlangan.

Yangilangan C11 o‘rta o‘lchamdagi krossover bo‘lib, old qismi zamonaviy dizaynga ega — bamper va faralar yangidan ishlab chiqilgan.
Endi EREV va BEV modellarining tashqi ko‘rinishida farq yo‘q. Avvalgi EREV versiyasidagi panjara olib tashlangan bo‘lsa, endi trapezsimon faol panjara o‘rnatilgan. Orqa tomonda bitta chiziqli LED fonar mavjud.

Salon ichki qismi ham sezilarli darajada yangilangan. Endi mashinada uchta ekran o‘rniga 17 dyuymli yirik 2K ekran qo‘llanilgan. Rul g‘ildiragi D-shaklga o‘zgartirilgan, markaziy konsol esa ikki simsiz telefon zaryadlash paneli va yashirin saqlash bo‘limi bilan to‘ldirilgan.
Gibrid (EREV) versiya 1,5 litrli benzinli generator va 41,7 kVt/soatli batareyaga ega. Uning elektr dvigateli 200 kVt (268 ot kuchi) quvvatga ega bo‘lib, mashina 0 dan 100 km/soatgacha 7,6 soniyada tezlanadi. Faqat elektrda yurish masofasi WLTC mezoniga ko‘ra 210 kmni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, Leapmotor kompaniyasi 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2024-yilda dunyodagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri — Stellantis konserni uning 20% ulushini sotib olgan. 2025-yilning iyunida kompaniya rekord darajada — 46 mingdan ortiq avtomobil sotdi. Bu C10 va C16 modellarining yangilanishi hamda C11 kabi mashhur modellarning ommalashuvi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Leapmotor B01 elektromobilining oldindan buyurtmalari boshlangani haqida yozgan edi.