Motorola kompaniyasi yangi Moto G100 Pro modelini taqdim etdi

3-iyul 2025 16:49 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Moto G100 Pro
Moto G100 Pro taqdim etildi / Foto: Moto

Motorola kompaniyasi o‘zining yangi arzonroq, biroq imkoniyatlari flagmanlarga teng smartfoni – Moto G100 Pro modelini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Moto G100 Pro 6,67 dyuymli AMOLED-displeyga ega bo‘lib, uning aniqligi 1,5K (2712 × 1220 piksel), yangilanish chastotasi esa 120 Gs. Ekran maksimal 4500 nit yorqinlikda ishlaydi va Gorilla Glass 7i bilan himoyalangan. Displeyga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri va Dolby Atmos texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan ikkita dinamikli stereo ovoz tizimi smartfonga yuqori media tajribasini taqdim etadi.

Suratga olish borasida qurilma 32 megapikselli selfi kameraga ega. Orqa tomonida esa 50 MP Sony LYT-600 sensorli asosiy kamera va 8 MP ultra keng burchakli modul joylashgan.

Smartfon ichida MediaTek Dimensity 7300 protsessori joylashgan bo‘lib, u 8 yoki 12 GB tezkor xotira va 256 yoki 512 GB doimiy xotira bilan to‘ldiriladi. Akkumulyator sig‘imi 6720 mA/soat bo‘lib, 30 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma Android 15 operatsion tizimida, Motorola’ning yangi Hello UI interfeysi bilan ishlaydi. U IP68/IP69 muhofaza darajasiga va MIL-STD 810H harbiy standartiga mos keladi, ya’ni suv va changga chidamli.

Smartfonning og‘irligi 198 gramm, korpus qalinligi esa bor-yo‘g‘i 7,87 mm. Narxi atigi $195 dan boshlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 115 dollarlik Infinix Hot 60i taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek