
Xitoyda Xpeng G7 elektromobili savdoga chiqarildi. Uning boshlang‘ich narxi 195,8 ming yuan (taxminan $27,3 ming) etib belgilangan. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model Xpeng brendining yettinchi avtomobili bo‘lib, Tesla Model Y va Xiaomi YU7 bilan raqobatlasha oladi. Dastlabki 46 daqiqa ichida 10 mingdan ortiq buyurtma qabul qilingan.
Xpeng G7 – besh o‘rinli, orqa g‘ildirakdan tortuvchi krossover. Uning dvigateli 292 ot kuchiga ega, maksimal tezligi 100 km/soatga 6,5 soniyada yetadi. To‘liq zaryad bilan 702 km masofa bosib o‘tadi. 5C tezkor zaryadlash texnologiyasi 10 daqiqada 436 km quvvat berishga imkon beradi. Ikkita LFP akkumulyator variantlari mavjud.

Avtomobil uzunligi 4892 mm, g‘ildiraklar bazasi 2890 mmni tashkil etadi. Uning aerodinamik koeffitsiyenti – 0,238 Cd. G7 old tomoni yopiq panjara, LED chiroqlar, orqa spoyler va yulduz shaklidagi fon chiroqlari bilan jihozlangan. Bagaj hajmi – 819 litr, orqa o‘rindiqlar bukilganda 2277 litrgacha kengayadi.
Salon Huawei bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 87 dyuymli AR-HUD, 15,6 dyuymli markaziy ekran, Snapdragon 8295 chipi, 7.1.4 tovush tizimi va 20 ta dinamik bilan jihozlangan. Bundan tashqari, ikki dona 50 Vt quvvatli simsiz telefon zaryadlash qurilmasi mavjud.

Ichki makonda 39 dona saqlash joyi bor. To‘rt o‘rindiqda isitish, shamollatish va massaj funksiyalari mavjud. Orqa yo‘lovchilar uchun 8 dyuymli sensorli boshqaruv ekrani, yig‘ma stol va sovitish tizimli telefon zaryadlash qurilmasi mavjud.

Xpeng G7 yangi avlod XNGP haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Uning Ultra versiyasida Xpeng ishlab chiqqan uchta Turing AI chipi o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy hisobda 2 250 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Bu tizim onlayn o‘rganish va sun’iy intellekt asosidagi xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq XPeng P7 elektromobili namoyish etilgan edi.