
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy hududida UFC turniri o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Aralash jang san’atlari bo‘yicha janglar 2026-yilda AQShning 250 yilligi munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirga taxminan 20 – 25 ming tomoshabin yig‘ilishi kutilmoqda.
«Kim UFC’ni ko‘radi? Dana Uaytni bilasizmi? Biz UFC jangini o‘tkazmoqchimiz. O‘ylang-a, biz UFC jangini – Oq uy hududida o‘tkazamiz. Bizda u yerda yetarlicha yer bor», – dedi Tramp.
Xabarga ko‘ra, turnirni Oq uy oldidagi maysazor maydonida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, AQSh hukumati hozircha rasmiy ruxsat bermagan, Milliy bog‘lar xizmati va UFC ham turnir bo‘yicha izoh bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp «Victory 45-47» nomli yangi atir turkumini sotuvga chiqargani haqida xabar bergan edi.