
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQSh prezidenti Donald Trampni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida tavsiya etdi. Bu haqda The Hill nashri xabar berdi.
Tavsiya Trampning Isroil va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatgan tashabbuslari bilan bog‘liq. Netanyaxu bu haqda Oq uyda bo‘lib o‘tgan kechki ovqat paytida e’lon qildi va maktubni shaxsan prezidentga topshirdi.
Netanyaxu Trampni «bir mamlakatdan boshqasigacha tinchlikni qaror toptirayotgan rahbar» sifatida ta’rifladi. Ularning Eron yadroviy obyektlariga qarshi uyushtirgan qo‘shma harbiy zarbalari ham muvaffaqiyatli deb baholandi.
Tramp esa bu tavsiyani «juda ahamiyatli» deb atadi va o‘zining tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini, xususan, Hindiston – Pokiston hamda Isroil – Eron o‘rtasidagi murosabatlarni alohida tilga oldi.
Uchrashuv davomida G‘azo sektoridagi mojaroni 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish orqali yumshatish taklifi ham muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Tramp ilgari ham Shimoliy Koreya bilan yadroviy muzokaralari sababli Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Trampni Nobel Tinchlik mukofotiga tavsiya qilgan edi.