Javohir Sindarov g‘alabadan so‘ng nima dedi

28-sentabr 2026 08:57 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov g‘alabadan so‘ng nima dedi
Foto: FIDE

O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Javohir Sindarov Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi oltin medal qo‘lga kiritilgach o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda shaxmat rivoji, muxlislar qo‘llab-quvvatlashi va kelgusi maqsadlari haqida gapirdi.

Sindarovning aytishicha, 2022-yilgi Olimpiadadagi g‘alabadan keyin mamlakatda shaxmatga bo‘lgan munosabat sezilarli darajada o‘zgargan.

Shaxmat juda ommaviy sport turiga aylandi

Sindarov O‘zbekistonda kuchli shaxmatchilar avlodi shakllanishini, avvalo, yaratilgan sharoitlar bilan bog‘ladi.

«Shaxmat juda ommaviy sport turiga aylandi. Hukumatimiz va prezidentimiz shaxmatni juda kuchli qo‘llab-quvvatlamoqda», – dedi u.

Grossmeysterning fikricha, shaxmatchilar uchun yaratilgan sharoit va davlat ko‘magi natijalar uchun asosiy omillardan biri bo‘lmoqda.

«Agar sizda O‘zbekistondagidek qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, o‘ylaymanki, boshqa har qanday mamlakatda ham ko‘plab Nodirbeklarni, men kabi ko‘plab o‘yinchilarni ko‘rgan bo‘lardingiz. Asosiysi ham shu bo‘lsa kerak — davlat bizga, haqiqatan ham, juda katta dalda bermoqda», – dedi Sindarov.

O‘zbek ekanimdan chin dildan faxrlanaman

Sindarov Olimpiada davomida muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini ham alohida e’tirof etdi.

«Siz bu barcha ishqibozlarni ko‘rib turibsiz — ular bizni har kuni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bu mamlakatimizda odamlar shaxmatni qanchalik chin dildan sevishini ko‘rsatadi», – dedi u.

U O‘zbekiston sharafini himoya qilayotganidan faxrlanishini ham ta’kidladi.

«Men o‘zbek ekanimdan va shu mamlakat sharafini himoya qilayotganimdan chin dildan faxrlanaman», – dedi Sindarov.

Bu oltin oxirgisi bo‘lib qolmasin

Javohir Sindarov Samarqanddagi g‘alaba O‘zbekistonning so‘nggi Olimpiada oltini bo‘lib qolmasligiga umid bildirdi.

«Kelgusi yillarda nafaqat yana bitta, balki ko‘plab Olimpiadalarda g‘alaba qozonamiz deb umid qilaman. Ushbu musobaqada biz, haqiqatan ham, juda yuqori saviyani namoyish etdik. Barcha ajoyib o‘ynadi», – dedi u.

Sindarov O‘zbekiston terma jamoasining Samarqanddagi natijasidan juda mamnun ekanini qayd etdi.

Yangi maqsad — jahon toji

Kelgusi maqsadlari haqida gapirar ekan, Sindarov individual yo‘nalishda jahon chempioni bo‘lishni asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatdi.

«Albatta, biz jamoaviy tarzda ham, yakka tartibda ham ko‘p narsaga erishdik. So‘nggi yillarda ko‘plab turnirlarda g‘alaba qozonyapmiz. Yangi maqsad — jahon toji», – dedi u.

Sindarov nafaqat o‘zi, balki jamoadoshlarining ham jahon reytingida yuqorilashini istashini bildirdi.

Sindarov jamoadoshlarini Top-20 ichida ko‘rishni istaydi

Grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov imkon qadar tezroq 2 700 reyting chegarasiga chiqishini istashini aytdi.

Shuningdek, u Nodirbek Abdusattorovning 2 750 darajasiga chiqishi va O‘zbekistonning yetakchi shaxmatchilari dunyoning eng kuchli 15 – 20 grossmeysteri qatoridan joy olishini maqsad qilayotganini ta’kidladi.

«Hammamiz dunyoning Top-15 – 20 taligidan joy olishimizni va kelgusi yillarda ham Olimpiadalarda O‘zbekiston nufuzini yuksaltirib, mamlakatimiz uchun bor kuchimizni berishni xohlaymiz», – dedi Sindarov.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqanddagi 46-Jahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixda ikkinchi bor Olimpiada chempioniga aylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov eng yaxshi shaxmatchi deb topilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek