
Chevrolet brendi mashhur Chevrolet Cruze modelini qayta tiklashiga oid xabarlar tarqaldi. Bu haqda Daily Motor xabar bermoqda.
Bu mashina 2008-yilda ilk bor ishlab chiqarilgan va o‘sha vaqtdan boshlab turli bozorlarda sedan va universal ko‘rinishida yaxshi sotilgan edi. Ammo 2023-yil oxirida u ishlab chiqarishdan to‘xtatildi.

Modelning xomaki tasvirlari tarqaldi. Biroq bu suratlardagi avtomobil Chevrolet’ga emas, balki ko‘proq Hyundai sedanlariga o‘xshab qolgan.
Dizayner Audi S3 va RS3 modellarining profilidan foydalangan, lekin old va orqa qismlarini Chevrolet Equinox EV dizaynidan ilhom olib mustaqil chizgan.
Yangi Cruze’ning old qismida ingichka faralar va ular orasidan o‘tuvchi xrom chiziq bor. Radiator panjarasi esa chuqur joylashgan va murakkab shaklga ega. Orqa qismini esa LED chiziq bilan bog‘langan fonarlar va ikki tomonlama chiqarish quvurlari to‘ldiradi. U sport uslubini eslatadi.

Ayni paytda bu mashina faqat taxminiy loyiha, ammo agar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, u Equinox’dagi 1,5 litrli, 175 ot kuchiga ega turbomotor bilan taqdim etilishi mumkin. Bu esa ixcham sedan uchun yetarli quvvat sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangilangan Chevrolet Onix taqdim etilgani haqida yozgan edi.