
Yangilangan Chevrolet Tracker avtomobilining narxi e’lon qilindi. Bu haqda Kolesa texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Yangilanishdan so‘ng Tracker zamonaviy ikki qavatli faralar dizaynini oldi. Yuqorida – ingichka LED chiroqlar, pastda esa asosiy faralar joylashgan. Qimmat komplektatsiyalarda tuman chiroqlari ham bor. Shuningdek, old bamper va radiator panjarasi yangilangan. Orqa qismi deyarli o‘zgarmagan, biroq fonarlari qoramtir tusga ega bo‘ldi.

RS nomli sport ko‘rinishli versiya ham taklif etiladi. Unda qora emblema, yaltiroq panjara, qora oynalar va 17 dyuymli disklar mavjud.
Salon ichida 8 dyuymli raqamli panel va 11 dyuymli multimedia ekrani birlashtirilgan. Konditsioner paneli endi ikkita aylanuvchi tugma va kichik displey bilan almashtirilgan. Qimmat versiyalar panoramali tom, simsiz zaryad, avto to‘xtash yordamchisi, favqulodda to‘xtash va «ko‘r nuqtani» nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan.


Mashina 1.0 va 1.2 litrli turbo dvigatellar bilan jihozlanadi. Ikkalasi ham benzin va etanol bilan ishlaydi. 1.0 motor 117–121 ot kuchiga, 1.2 esa 139 – 141 ot kuchiga ega. Katta motor faqat RS va Premier versiyalariga o‘rnatiladi. Uzatmalar qutisi – 6 bosqichli avtomat. Barcha versiyalar faqat old g‘ildirakdan harakat qiladi.

Modelning narxi Braziliyada $21 mingdan boshlanadi. O‘zbekiston bozorida yangilangan modelning qachondan paydo bo‘lishi noma’lum. Ayni paytda Uzavtosavdo platformasida Trackerning 4 ta versiyasi mavjud. Eng arzon modeli Tracker LS Plus bo‘lib, uning narxi 215 mln so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilining tarxi haqida maqola e’lon qilgan edi.