Yangi klub Eldorni maxsus videorolik bilan kutib oldi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Super ligasi vakili – Istanbul Başakşehir klubiga o‘tgan edi. Klub transfer munosabati bilan Eldorni maxsus videorolik bilan tantanali tarzda qarshiladi.
Ushbu ijodiy lavhada futbolchining avvalgi faoliyati, maydondagi mahorati va yangi jamoa ranglaridagi ilk lahzalari namoyish etilgan. Klub vakillari uni iliq kutib olib, «oramizga xush kelding» degan tilaklar bilan qarshi oldi.
Klub rasmiy bayonotiga ko‘ra, Shomurodov Italiya A Seriyasi vakili «Roma»dan 2025/2026-yilgi mavsum oxirigacha sotib olish huquqi bilan ijaraga olindi.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov bungacha «Rostov», «Genoa», «Roma» va «Cagliari» kabi klublarda to‘p surgan. U O‘zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchilaridan biri bo‘lib, xalqaro maydonlarda ham o‘z o‘rnini mustahkamlab ulgurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Muhammadali O‘rinboyev Belgiyaning «Antverpen» futbol klubiga, Bobur Abduxoliqov esa «Paxtakor» futbol klubiga o‘tgan edi.