Qaysi frilanserlik yo‘nalishlarida qisqa muddatda daromadga chiqish mumkin

12-avgust 2025 13:00 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Daromadga tez chiqish mumkin bo‘lgan frilanserlik yo‘nalishlari. Foto: pexels.com

Dunyo bo‘yicha frilanserlik bozori yildan-yilga kengayib, ko‘plab yoshlar va talabalar uchun asosiy daromad manbaiga aylanmoqda. Upwork ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda eng ko‘p buyurtma tushadigan yo‘nalishlar sifatida ma’lumotlar tahlili, konsalting, moliya va biznes, kodlash, veb va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, virtual yordam, marketing hamda grafik dizayn ko‘rsatilmoqda. Quyida Kursiv Uzbekistan bir qator yo‘nalishlarni qanchada o‘rganib, qancha vaqtda daromadga chiqish mumkinligini tahlil qiladi.

Maqola orqali quyidagi yo‘nalishlar haqida bilib olasiz:

Kontent yozish va kopirayterlik

Foto: Digital marketing skill institute

Eng soddasidan boshlansa, kopirayterlik — qisqa muddatda egallab, daromadga chiqish mumkin bo‘lgan sohalardan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda maxsus diplom shart emas, asosiy talab — tushunarli, lo‘nda va qiziqarli matn yozish ko‘nikmasi.

Yangi boshlovchilar Upwork, Fiverr va Freelancer kabi platformalarda oson ish topishi mumkin. Odatda 1–3 oy ichida asosiy qoidalarni o‘rganib, birinchi buyurtmani olsa bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalishni HubSpot Academy’ning bepul Content Marketing kursi orqali o‘rganish mumkin. Bu onlayn ta’lim dasturi bo‘lib, kontent strategiyasi va amaliy marketing ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan.

Kurs haqida

Kursda hikoya, kontent yaratish, SEO asoslari, materiallarni qayta ishlash va moslashtirish, kontentni targ‘ib qilish hamda natijalarni tahlil qilish kabi mavzular o‘qitiladi. O‘quv jarayonining qancha davom etishi unga ajratiladigan vaqtga bog‘liq. U video darslar, kichik testlar hamda yakuniy imtihondan iborat bo‘ladi.

Kursni muvaffaqiyatli tugatganlar rasmiy sertifikat taqdim etiladi. Foydalanish jarayoni oddiy — avval HubSpot Academy platformasida bepul ro‘yxatdan o‘tiladi. So‘ng kurs tanlab olinadi, darslar tomosha qilinadi va har bo‘lim oxirida test topshiriladi. Yakunda imtihon muvaffaqiyatli topshirilgach, sertifikat yuklab olinadi. Ushbu kurs kopirayting, kontent yaratish yoki raqamli marketingga yangi kirganlar uchun foydali bo‘ladi.

Bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishish uchun SEO asoslari, matn tahriri, mijoz bilan samarali muloqot qilish, qisqa va lo‘nda yozish ko‘nikmalari muhim sanaladi. Upwork’da barcha soha vakillari uchun eng kam ish haqi soatiga $3, ammo bu tajriba va bilimga qarab oshib boraveradi. Hozirda kopirayterlarga soatiga o‘rtacha $19-$45 atrofida, kontent yozuvchilar esa $15-$40 atrofida to‘lanmoqda.

Bundan oldin talaba bo‘lib turib kopirayter va kontent yaratuvchi sifatida ishlayotgan Ruxshona Nematova hikoyasini e’lon qilgandik.

Grafik dizayn

Foto: Shiksha

Brendlar va bizneslar uchun vizual materiallarga talab doimo yuqori. Canva, Figma, Adobe Spark, Adobe Illustrator kabi vositalardan foydalaniladi. Ushbu yo‘nalishda eng ko‘p buyurtmalar logotip, banner, ijtimoiy tarmoq postlari va vizitka dizayni uchun beriladi. Fiverr’da aynan shunday kichik loyihalar ko‘p bo‘ladi, Upwork esa professional portfeli bor dizaynerlarga mosroq.

Grafik dizayner uchun ranglar muvofiqligi, tipografiya, kreativlik, texnik dasturlarni bilish va mijoz talablarini tushunish asosiy ko‘nikmalardan hisoblanadi. Narxlar platformaga qarab farq qiladi: Fiverr’da logotip dizayni uchun xizmatlar soatiga $60 gacha, Upwork’da esa o‘rtacha grafik dizayner $15–35 soatiga daromad oladi.

Odatda 1–2 oy ichida boshlang‘ich dizayn ko‘nikmasi shakllanadi.

Ushbu yo‘nalishni Canva Design School bepul kurslari orqali o‘rganish mumkin. Ushbu platformada grafik dizayn asoslari va vizual kontent yaratish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar o‘rgatiladi.

Platforma haqida

Bu manbada foydalanuvchilar dizayn tamoyillari, rang uyg‘unligi, tipografiya, maket tuzish, brend identifikatsiyasini o‘rganadi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar uchun kreativ material tayyorlash kabi mavzular bo‘yicha o‘quv materiallariga ega bo‘ladi. Darslar ko‘pincha qisqa va aniq videolar, maqolalar hamda amaliy mashg‘ulotlar shaklida taqdim etiladi. Kurslar va darsliklar to‘liq bepul bo‘lib, foydalanuvchi Canva’dagi shaxsiy sahifasiga kirgan holda ulardan foydalanishi mumkin.

Tarjima va subtitr tayyorlash

Foto: Digital nomad world

Xorijiy til bilimiga ega bo‘lgan talabalar matn tarjimasi, video subtitr tayyorlash xizmatlarini tezda o‘zlashtirishi mumkin. Fiverr’da tarjimonlar xizmatlari soatbay yoki hajmga qarab oson sotiladi. Agar til ko‘nikmasi bo‘lsa, bu yo‘nalishga moslashish 2–4 hafta olishi mumkin.

Tarjimonlar o‘z ishlarini namoyish etish va ish izlash uchun ProZ.com saytidan foydalanishi mumkin. Bu dunyo bo‘ylab tarjimonlar, tilshunoslar va tarjima agentliklarini birlashtiruvchi eng yirik onlayn professional platformalardan biri.

Sayt haqida

Sayt tarjimonlarga ish topish, professional aloqalar o‘rnatish, tajriba almashish va malaka oshirish imkoniyatlarini taqdim etadi. ProZ.com’da mustaqil tarjimonlar bepul yoki pulli versiyaga ro‘yxatdan o‘tib, o‘z profilini yaratgan holda foydalanishi mumkin.

Platformada job board (ishlar taxtasi) orqali tarjima, tahrir, lektorlik va subtitr yaratish kabi turli xizmatlar bo‘yicha e’lonlar joylashtiriladi. Tarjimonlar bu e’lonlarga bevosita javob berishi yoki doimiy hamkorlik uchun mijozlar bilan aloqaga chiqishi mumkin. Bundan tashqari, unda KudoZ bo‘limi bo‘lib, unda tarjimonlar bir-biriga murakkab terminlar yoki tarjima muammolarida yordam beradi.

Platformadagi pulli a’zolik opsiyasi (Pro membership) tarjimonlarga ko‘proq ish e’lonlarini ko‘rish, profilini yuqoriroqqa chiqarish va qo‘shimcha vositalardan foydalanish imkonini beradi. Bepul a’zolar ham asosiy funksiyalardan foydalana oladi. Ammo pulli rejim orqali raqobatda ustunlikka ega bo‘lish mumkin.

Tarjima sohasida grammatik va stilistik aniqlik, matn tilini, mazmunini yaxshi tushunish, maxsus terminologiyani bilish, aniq va toza tarjima qilish ko‘nikmalari zarur. Upwork’dagi tarjimonlar odatda $15–25 atrofida soatlik to‘lov oladi. Ammo yuqori reytingga erishganlar o‘z xizmatlarini ancha yuqori narxda sotishadi.

Bundan oldin media tarjimon sifatida faoliyat yuritayotgan Matluba Sodiqova hikoyasini bergandik.

SMM xizmatlari

Foto: itsaray71@gmail.com / depositphotos

Instagram, TikTok, YouTube va boshqa platformalarda post, video, reels tayyorlashni o‘rganish hozirgi paytda juda dolzarb. Yangi boshlovchilar CapCut, InShot, Canva kabi bepul tahrir vositalarini qisqa muddatda o‘zlashtiradi.

Bir oylik amaliyotdan keyin kichik bizneslar uchun xizmat ko‘rsatishni boshlash mumkin.

Bu yo‘nalishni bepul o‘rganish uchun Meta Blueprint platformasi mavjud. U Meta (oldingi Facebook) tomonidan yaratilgan bepul va pullik o‘quv platformasi bo‘lib, Facebook, Instagram, Messenger va WhatsApp kabi Meta’ga tegishli ijtimoiy tarmoqlarda marketing yuritishni o‘rgatadi.

Platforma haqida

Bu orqali foydalanuvchilar reklama kampaniyalarini yaratish, auditoriyani aniqlash va tahlil qilish, kontent strategiyasini ishlab chiqish, brendni rivojlantirish hamda reklama budjetini samarali boshqarish bo‘yicha bilim oladi. Meta Blueprint’dagi kurslar video darslar, interaktiv topshiriqlar va real misollar asosida tuzilgan, bu esa olingan bilimlarni tezda amalda qo‘llashga yordam beradi. Bu platformadagi darslarni tomosha qilish uchun unda shaxsiy sahifa ochib, ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

Fiverr orqali siz kichik xizmatlar (masalan, beshta post reja tuzish) taklif qilishingiz mumkin, Upwork esa professional SMM mutaxassislari uchun qulay bo‘lib, uzoq muddatli hamkorlik imkonini beradi.

SMM sohasida vizual kontent yaratish (Canva orqali), kontent rejalashtirish, Instagram / Facebook reklama sozlamalari, analitika va mijoz bilan aloqani yo‘lga qo‘yish kabi ko‘nikmalar kerak bo‘ladi. Upwork’da SMM mutaxassislarining daromadi soatiga o‘rtacha $15–45, Fiverr’da esa xizmatlar soatiga eng kami $5 dan boshlanadi.

Ma’lumot kiritish va virtual yordamchilik

Foto: DBA Advisory

Data entry, virtual yordamchilik, elektron pochta monitoringi, mijozlarga oddiy xizmat ko‘rsatish kabi ishlar maxsus texnik ko‘nikmani talab qilmaydi.

Microsoft Office yoki Google Docs bilan ishlashni 1–2 haftada o‘rganib, birinchi buyurtmani bajarish mumkin.

Mazkur yo‘nalishni endi boshlovchilar LinkedIn Learning – Virtual Assistant kursidan boshlashi mumkin. Ammo bunda maxsus to‘lovlar mavjud. Sahifaga o‘z hisobingizni kiritganingizdan so‘ng bir oy kurs materiallaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Ammo keyingi oydan to‘lov olinadi.

Kurs haqida

Bu onlayn yordamchi (virtual assistant) bo‘lish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatuvchi o‘quv dasturi. Kurs virtual yordamchilik kasbining asosiy yo‘nalishlarini qamrab oladi: mijozlar bilan samarali muloqot qilish, ish jarayonlarini masofadan boshqarish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, hujjatlarni tayyorlash va tahrirlash, ma’lumotlarni tartibga solish, onlayn vositalardan foydalanish kabi amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradi.

O‘quv jarayoni video darslar, amaliy topshiriqlar va testlar orqali olib boriladi, bu esa nazariyani tezda amaliyotga tatbiq qilish imkonini beradi. Foydalanuvchi kursni muvaffaqiyatli tugatgach, rasmiy sertifikatga ega bo‘ladi.

Virtual yordamchilik odatda elektron jadvallar bilan ishlash, elektron pochta xatlarini tartibga solish, hujjatlarni tayyorlash yoki tashkil qilish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi. Upwork virtual yordamchilar uchun eng yaxshi platformalardan biri sanaladi, Fiverr’da esa bu xizmatlarni maxsus giglar shaklida taklif qilish mumkin.

Upwork’dagi ma’lumot kiritish ishlarining soatlik haqi odatda $10–20 atrofida bo‘ladi, Fiverr’da esa xizmatlar $5 dan boshlanadi, lekin sifatli profil va yaxshi reyting bo‘lsa, yuqori narxlar bilan ham buyurtma olish mumkin.

Bundan tashqari ushbu sohalarni barchasini Coursera (pulli), Google yoki YouTube kanallar orqali ham tezda o‘rganish mumkin. Buning uchun faqatgina vaqtni samarali boshqarish lozim.

Quyidagi jadval orqali ushbu yo‘nalishlar haqida umumiy ma’lumot olishingiz mumkin.

Yo‘nalishO‘rganish muddatiAsosiy talablarPlatformalar va manbalar
Kontent yozish (kopirayterlik)1–3 oySoddalashtirilgan yozuv ko‘nikmasiUpwork, Fiverr, HubSpot Academy
Grafik dizayn1–2 oyCanva, Figma, Adobe Spark asoslarini bilishCanva Design School, Freelancer
Tarjima va subtitr2–4 haftaTil bilimi (ingliz, rus yoki boshqa)Fiverr, ProZ.com
SMM va kontent yaratish1 oyVideo tahriri, ijtimoiy tarmoqlarni tushunishMeta Blueprint, CapCut, Canva
Ma’lumot kiritish, virtual yordamchilik1–2 haftaMicrosoft Office, Google Docs asoslariUpwork, LinkedIn Learning

Qisqa muddatda o‘rganib, frilanserlikdan daromad topish imkoniyatlari yetarlicha. Asosiysi — portfolio tayyorlash, birinchi mijoz bilan ishlash tajribasini orttirish va o‘z xizmatini doimiy takomillashtirish. Kichik buyurtmalardan boshlab, tajriba oshgan sari ko‘proq daromad olish mumkin.

Bundan oldin talabalar uchun yozda pul topish yo‘llari haqida hikoyalar to‘plamini e’lon qilgandik. Unda media va dublyaj tarjimoni Matluba Sodiqova, kuryer sifatida tezda daromadga chiqqan Dilshod Nuriddinov va Shoxrux Sodiqov, bundan tashqari, kontent yaratish, kopirayterlik va blog yuritish bilan shug‘ullanib kelayotgan Ruxshona Nematovalar haqida yozgandik.

Shuningdek