Videoregistratordan gʻilofgacha: avtomobil uchun zarur boʻlgan aksessuarlar

31-iyul 2025 12:19 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Chevrolet Onix
Avtomobil egalari uchun zarur aksessuarlar qaysilar. Foto: UzAuto Motors

Avtomobil haydovchisi borki, ulovining toza, tartibli va texnik jihatdan soz boʻlishini xohlaydi. Bunga erishishda esa aksessuarlar muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Avtomobil importiga yuqori bojxona toʻlovlari belgilangan, mahalliy bozorda GM tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillar esa magnitofonsiz yigʻilgan sharoitda aksessuarlarga boʻlgan talab va qiziqish yuqori boʻlishi tabiiy holat. Shu bilan birga, yuzlab aksessuarlar orasidan aynan keraklilarini tanlab har doim ham oson emas. Shu bois Kursiv Uzbekistan avtomobil egalari uchun zarur aksessuarlar haqida material tayyorladi.

Maqolada quyidagi aksessuarlar haqida so‘z boradi:

Videoregistrator

Telefon tutqichi

Zaryadlash qurilmasi va USB

Portativ changyutkich

Antiradar (radar detektori)

Polik

Bola uchun xavfsizlik oʻrindigʻi

Avtomobil havo tozalagichi

Avtomobil oʻrindigʻi uchun gʻilof

Avtomobil uchun himoya gʻilofi (tent)

Videoregistrator

Videoregistrator. Foto: dimarik / depositphotos.com

Avtomobil videoregistratori yoʻlda yuz beradigan har qanday holatni yozib boradi va haydovchining haqligini isbotlashda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Baʼzi hollarda notoʻgʻri yozilgan jarimalarni bekor qilishda ham foyda beradi.

Zamonaviy videoregistratorlar HD format, tungi koʻrish funksiyasi, harakat sensori, GPS modul va Wi-Fi orqali smartfon bilan ulanish imkoniyatlariga ega. Shuningdek, ayrim modellarda orqaga yurishda koʻmaklashuvchi kamera ham mavjud boʻlib, haydovchining harakatlarini yanada xavfsiz va aniq bajarishiga yordam beradi.

Ta’kidlab oʻtish joizki, import qilinayotgan va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan xorijiy brend avtomobillari videoregistrator bilan ishlab chiqarilmoqda. Lekin GM avtomobillarining aksariyat modellari haqida bunday deb boʻlmaydi. Qurilmaning O‘zbekistondagi internet do‘konlarida o‘rtacha narxi 1–2 million so‘m atrofida topish mumkin.

Telefon tutqichi

Videoregistrator. Foto: Ivantsov / depositphotos.com

Bugungi kunda smartfon hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Baʼzan avtomobilda harakatlanayotganda ham undan foydalanishga toʻgʻri keladi. Aynan shunday vaziyatlarda telefon tutqichi juda qoʻl keladi.

Telefon tutqichi ish faoliyati telefon bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan kishilar uchun qulay yechim hisoblanadi. Masalan, taksi haydovchilari yoki uzoq masofaga yuk tashuvchilar uchun bu juda foydali vosita. U telefonni xavfsiz joyda mahkamlab, navigatsiyadan foydalanish, buyurtmalarni koʻrish va qoʻngʻiroqlarga javob berishni ancha yengillashtiradi. Telefon tutqichini o‘rtacha 50 – 100 ming so‘m atrofida topish mumkin.

Zaryadlash qurilmasi va USB

Zaryadlash qurilmasi. Foto: chungking / Depositphotos

Hozir telefon doimiy ishlatiladigan vositaga aylangan. Ayniqsa, avtomobil bilan safarda boʻlgan paytlarda telefonning quvvat tugashi muammo va noqulaylik tugʻdirishi mumkin. Bunday holatlarning oldini olish uchun zaryadlash qurilmasi va USB kabellari juda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

Avtomobilda bir nechta qurilmani bir vaqtning oʻzida zaryadlash talab etilsa, koʻp kabelli USB zaryadlovchilar ayni muddao boʻladi. Ular orqali qurilmani tez va oson quvvatlantirish mumkin. Zaryadlash qurilmasi va USB’ni o‘rta 100 ming so‘m tarofida topish mumkin.

Portativ changyutkich

Portativ changyutkich. Foto: weerapat / Depositphotos

Avtomobil koʻpchilik uchun shunchaki transport vositasi emas, balki doimiy hamrohdir. Uni parvarishlash va toza saqlash egasining unga boʻlgan eʼtiborini koʻrsatadi. Ayniqsa, ichki qismini ozoda tutishda portativ changyutkich juda foydali vositadir.

Ushbu qurilma kundalik foydalanish uchun juda qulay boʻlib, avtomobil salonini tez va oson tozalash imkonini beradi. Aksariyat changyutkichlar avtomobilning 12 voltli rozetkasiga ulanadi, turli nasadkalari esa tor burchaklar va qoʻl yetib borishi qiyin boʻlgan joylarni tozalashda yengillik yaratadi. Ayrim modeldagi changyutkichlar hatto suv va shunga oʻxshash suyuqliklarni ham oson bartaraf eta oladi. Kichik oʻlchami tufayli uni saqlash ortiqcha joy olmaydi. Portativ changyutkich, xususan, yosh bolali oilalar uchun juda foydali yordamchiga aylanishi mumkin. Portativ changyutkichning internet do‘konlaridagi o‘rtacha narxi 300 – 500 ming so‘mni tashkil qiladi.

Antiradar (radar detektori)

Antiradar. Foto: vilgun1.yandex.ru/Depositphotos

Haydovchilarni qaygʻuga soladigan muammolardan biri yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun olinadigan jarimalardir. Bunday holatlarning oldini olishda antiradar qoʻl kelishi mumkin.

U yoʻl boʻyidagi nazorat kameralarini va radar tizimlarini oldindan aniqlab, haydovchini ogohlantiradi. Bu esa haydovchini ehtiyotkor boʻlishga undaydi va keraksiz jarimalardan saqlaydi. Yaxshi sifatli antiradarlarda sunʼiy intellekt yordamida kameralarni farqlash funksiyasi ham mavjud. Biroq antiradardan foydalanish qoidalarni buzishga ruxsat degani emas. Asosiy maqsad xavfsiz va qonuniy haydashni taʼminlashdir. Bozorning asosiy tendensiyalariga ko‘ra, avtomobil uchun radar detektorlarning o‘rtacha narxi taxminan 1 ,5-2 ,2 mln so‘m atrofida shakllanishi mumkin.

Polik

Polik. Foto: AleksandrKondratov/Depositphotos

Polik avtomobil salonini toza saqlashda yana bir muhim va zarur aksessuarlardan biri. Yomgʻirli yoki qorli kunlarda poyabzaldan avtomobil ichiga tushadigan loy, suv va boshqa iflosliklarning oldini olishda polik katta foyda keltiradi.

Har bir avtomobil modeliga mos tarzda ishlab chiqilgan poliklar mavjud boʻlib, ular oʻlcham va shakli jihatdan avtomobil saloni bilan mukammal uygʻunlashadi. Bu esa nafaqat amaliy jihatdan foydali, balki salonga estetik koʻrinish ham beradi. U doimiy tozalikni taʼminlab, avtomobilning umumiy holatini yaxshi saqlashga xizmat qiladi. Avtomobil poliklari O‘zbekiston internet do‘konlarida o‘rtacha taxminan 300 – 500 ming so‘m atrofida sotilmoqda.

Bola uchun xavfsizlik oʻrindigʻi

Bola uchun xavfsizlik oʻrindigʻi. Foto: gromaler / Depositphotos

Yosh bolalarni avtomobilda olib yurganda maxsus xavfsizlik oʻrindigʻidan foydalanish nafaqat bola salomatligi uchun muhim, balki xavfsizlikni ham taʼminlaydi. Bu maxsus oʻrindiqlar bolani toʻsatdan toʻxtash, burilish va boshqa kutilmagan holatlardan himoya qiladi.

Doʻkonlarda har xil yoshdagilar uchun moslashtirilgan turli oʻlcham va funksiyalardagi xavfsizlik oʻrindiqlari mavjud. Ularning baʼzilarida yon tomonlama himoya yostiqchalari, xavfsizlik belbogʻlari va oʻrindiq balandligini sozlash imkoniyatlari bor. Bu esa oʻrindiqni bolaning yoshiga va gavdasiga mos ravishda sozlash imkonini beradi.

Zamonaviy oʻrindiqlar koʻpincha isofix tizimi bilan jihozlanadi. Bu tizim orqali oʻrindiqni avtomobilga mahkamlash oson, tez va eng muhimi, xavfsiz boʻladi. Ayniqsa, uzoq yoʻlga chiqqanda yoki har kuni bola bilan harakatlanganda bu oʻrindiq farzandingiz xavfsizligini taʼminlovchi eng muhim vositaga aylanadi. O‘zbek bozorida bolalar avtoulovi o‘rindiqlarining o‘rtacha narxi taxminan 1-1,5 mln so‘mni tashkil etadi.

Avtomobil havo tozalagichi

Avtomobil havo tozalagichi. Foto: mashable.com

Avtomobil salonidagi havo sifati haydovchi va yoʻlovchilar salomatligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, katta shaharlarda, tirbandliklarda yoki changli hududlarda harakatlanishda havo tozalagichi sogʻlom muhit yaratishda muhim vositaga aylanadi.

Ushbu qurilma salondagi havoni bakteriya, chang, tutun va noxush hidlardan tozalaydi. Hepa filtri bilan jihozlangan modellar juda mayda zarrachalarni ham ushlay oladi, ionizatsiyali havo tozalagichlar esa havodagi zararli moddalarni neytrallashtirib, kislorod sifatini yaxshilaydi.

Havo tozalagichlar nafas yoʻllari bilan bogʻliq muammolarga ega insonlar, bolali oilalar va astma yoki allergiyaga moyil kishilar uchun foydalidir. Kichik oʻlchamlari tufayli ularni salonning istalgan qismiga joylashtirish mumkin boʻlib, avtomobil ichida doimiy toza va sogʻlom havo muhitini taʼminlaydi. O‘zbekiston bozorida avtomobillar ichidagi havo tozalagichlarining o‘rtacha narxi taxminan 150–200 ming so‘mni tashkil qiladi.

Avtomobil oʻrindigʻi uchun gʻilof

Avtomobil oʻrindigʻi uchun gʻilof. Foto: Sergo221972 / Depositphotos

Avtomobil salonining toza va chiroyli koʻrinishida gʻilof muhim rol oʻynaydi. U oʻrindiqlarni chang, dogʻ, Quyosh nurlari va kiyimdan tushadigan kirlardan himoya qiladi. Yosh bolali oilalarda yoki tez-tez yoʻlovchi olib yuriladigan hollarda gʻilof — zarur aksessuar.

Zamonaviy gʻiloflar turli materiallardan tayyorlanadi: eko-teri, mato, alkantara yoki charm. Ularning orasida nafaqat himoya, balki estetik jihatdan salon dizayniga mos keladigan, hatto uni boyitadigan modellar ham bor.

Har bir avtomobil modeliga mos maxsus oʻlchamdagi gʻiloflar mavjud boʻlib, ular oʻrindiqqa aniq va qulay tarzda oʻrnaydi. Baʼzi gʻiloflar yuvishga yaroqli boʻlib, kundalik foydalanishda tozalashni osonlashtiradi. Bundan tashqari, universal oʻlchamdagi arzon variantlar ham bozorda keng tarqalgan.

Toʻgʻri tanlangan gʻilof avtomobil ichki koʻrinishini saqlab qolish bilan birga, mashinaga joziba ham baxsh etadi. O‘zbekistonda avtomobil o‘rindiq g‘iloflarining o‘rtacha narxi taxminan 350-700 ming so‘mni tashkil etadi.

Avtomobil uchun himoya gʻilofi (tent)

Avtomobil uchun himoya gʻilofi (tent). Foto: ABBPhoto / Depositphotos

Avtomobilni ochiq havoda saqlashda uning kuzovi turli tashqi omillardan — Quyosh, yomgʻir, chang va boshqa narsalardan zarar koʻrishi mumkin. Aynan shunday holatlarda himoya gʻilofi (tent) avtomobil uchun muhim himoya vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Tent gʻiloflar suv oʻtkazmaydigan, chang va Quyosh nurlariga bardoshli maxsus materiallardan tayyorlanadi. Ular avtomobilni toʻliq qoplaydi va ob-havo sharoitidan qatʼi nazar, kuzovni toza, silliq va yorqin holda saqlashga yordam beradi. Ayniqsa, uzoq muddat mashinani harakatsiz qoldirishda yoki issiq iqlimli hududlarda tent juda foydali. Avtomobil uchun himoya g‘iloflari (tent) O‘zbekiston internet do‘konlarida o‘rtacha 180-250 ming so‘m atrofida sotilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan elektromobil xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida maqola tayyorlagan edi.

Shuningdek