
Honda kompaniyasi oʻzining eng soʻnggi elektromobili N-One e modelini rasman taqdim qildi. Bu haqda Techradar nashri xabar berdi.
3,4 metrlik ixcham avtomobil shahar sharoitlari uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, u ilk bor joriy yilning yozida Goodwood tezlik festivalida namoyish qilingan edi.

Kichik hajmiga qaramay, N-One e to‘liq zaryad bilan 245 km dan ortiq masofani bosib oʻta oladi. Elektromotorning quvvati esa 63 ot kuchiga teng. Avtomobil Yaponiyada mashhur kei-car (mini avtomobil) segmentiga mansub boʻlib, tor koʻchalar va zich shahar harakati uchun ayni muddao.
Modelning afzalliklari
N-One e saloni amaliy va qulay tarzda loyihalashtirilgan. Orqa oʻrindiqlarni istalgan shaklda buklab, yuk tashish hajmini kengaytirish mumkin. Salon matolari bardoshli va yuvishga yengil.

Avtomobil bir pedalli boshqaruv, smartfonlar uchun quvvatlagich va eng muhimi, Vehicle-to-Load (V2L) funksiyasiga ega. Bu texnologiya avtomobilni zaxira elektr manbai sifatida ishlatishga imkon beradi. Ya’ni elektr oʻchgan paytda uy jihozlarini yoki boshqa qurilmalarni quvvatlash mumkin.
Sotuvga chiqish bozorlariga keladigan boʻlsak, model dastlab Yaponiya va Xitoyda savdoga chiqariladi. Keyingi yildan esa Yevropa versiyasi ham taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Bu model nisbatan yirikroq boʻlib, yevropaliklar ehtiyojlariga moslashtiriladi. 2026-yil Myunxendagi IAA Mobility avtosalonida namoyish qilinishi kutilmoqda.
Honda’ning ilgari taqdim etilgan Honda e elektromobili yuqori narx va qisqa yurish zaxirasi tufayli bozorda katta muvaffaqiyat qozona olmagan edi. Biroq N-One e yanada uzoq masofa, zamonaviy texnologiyalar va hamyonbop narx bilan keng auditoriyani qamrab olishga intilmoqda.
Shuningdek, kompaniya batareyasi tez almashtiriladigan CUV e elektr skuteri va to‘liq o‘lchamdagi elektromototsikl ishlab chiqarish ustida ham ishlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honda Super EV elektromobili taqdim etilgani haqida yozgandi.