O‘zbekiston sharoiti uchun 5 ta hamyonbop avtomobil

22-avgust 2025 18:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Eng hamyonbop avtomobillar
O‘zbekiston sharoitida hamyonbop 5 ta avtomobil / Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

O‘zbekiston bozorida avtomobil xarid qilishda ko‘pchilik narx va sifat muvozanatiga e’tibor qaratadi. Hamyonbop mashinalar nafaqat kundalik hayotda qulaylik yaratadi, balki texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham arzonroq bo‘ladi. Ayniqsa, yonilg‘i sarfi tejamkor, ta’mirlash ehtiyot qismlari keng tarqalgan va uzoq yillarga chidamli bo‘lgan modellar ko‘pchilik haydovchilarning tanloviga aylanadi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida O‘zbekiston sharoiti uchun hamyonbop 5 ta avtomobil haqida so‘z boradi.

Chevrolet Spark

Foto: Avtostrada

Ushbu model kichik hetchbek avtomobil bo‘lib, 1,25 litrli benzin dvigateli 85 ot kuchi ishlab chiqaradi. Uzatmalar qutisi 5 pog‘onali mexanik yoki 4 pog‘onali avtomatik ko‘rinishda taklif etiladi. Shahar ichida o‘rtacha 8,2 l/100 km, shahar tashqarisida esa 6,2 l/100 km yonilg‘i sarflaydi.

Spark O‘zbekistonda keng tarqalgan modeldan biri hisoblanadi. Ehtiyot qismlari va servis xizmatlari ham arzon va oson topiladi. Ikkilamchi bozorda avtomobilning boshlang‘ich narxi taxminan 73 mln so‘mdan boshlanib, to‘liq jihozlangan versiyalari 104 mln so‘mgacha yetadi.

Chevrolet Nexia 3

Foto: Avtostrada

Bu model O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashhur sedanlardan biri bo‘lib, Nexia 2 o‘rnini bosuvchi model sifatida taqdim etilgan. Avtomobil 1,485 sm³ benzinli dvigatel bilan jihozlanib, 105 ot kuchiga ega. Uzatma qutisi 5 pog‘onali mexanika yoki 6 pog‘onali avtomat bo‘lishi mumkin. Nexia 3 shaharda o‘rtacha 8–9 l/100 km, yo‘l sharoitida esa 6–7 l/100 km yonilg‘i sarflaydi.

Uning narxi o‘rtacha 87 mln so‘mni tashkil etadi. Ushbu model uchun ehtiyot qismlar va servis xizmatlari O‘zbekistonda keng tarqalgan bo‘lib, bu uni xaridorlar uchun qulay tanlovga aylantirgan.

Chevrolet Gentra

Foto: DTS Tashkent

Chevrolet Gentra O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan o‘rta sinf sedani. U 1,5 litrli benzin dvigateli 107 ot kuchiga ega. Uzatmalar qutisi 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomatik variantlarda taqdim etiladi.

Gentra shaharda o‘rtacha 8–9 l/100 km, shahar tashqarisida esa 6–7 l/100 km yonilg‘i sarflaydi. Uning Style MT Plus versiyasi o‘rtacha 120 mln so‘mdan boshlanadi.

Model qulaylik va soddaligi bilan xaridorlar orasida mashhur, ehtiyot qismlari ham mahalliy bozor uchun keng mavjud.

Chevrolet Cobalt

Foto: Chevrolet.kz

O‘zbekistonda eng ko‘p xarid qilinadigan budjet klass sedanlardan biri. U 1,5 litrli (1 485 sm³) benzinli dvigatel bilan 106 ot kuchi ishlab chiqaradi. Uzatma qutisi ikki xil: 5 pog‘onali mexanik yoki 6 pog‘onali avtomat.

Yonilg‘i sarfi shaharda o‘rtacha 8–10 l/100 km, magistralda esa 6–7 l/100 km atrofida. Cobaltning rasmiy dilerlardagi narxi 146,5 mln so‘mdan boshlanib, yuqori to‘plam (masalan, Midnight) versiyalari 155,2 mln so‘mgacha yetadi.

Chevrolet Cobaltning 2022-yil ishlab chiqarilgan versiyasi o‘rtacha 130 mln so‘mdan boshlanadi. Narxning yangi versiyasiga yaqin bo‘lishi texnik jihozlar o‘rnatilgani bilan izohlanadi.

Bu model ham mahalliy ishlab chiqariladi, shuning uchun ehtiyot qismlari keng tarqalgan va servis xizmatlari qulay. Xarajatlari ham o‘rtacha darajada hisoblanadi.

Chevrolet Onix

Foto: Avtoe’lon

Ushbu avtomobil O‘zbekistonda hozirda ishlab chiqarilayotgan eng yangi modellardan biri. U 1,2 litrli benzinli dvigatel bilan ikki xil ko‘rinishda taqdim etiladi. Oddiy 1LT va 3LT versiyalari 86 ot kuchiga ega dvigatel hamda 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan jihozlangan bo‘lib, narxi 162 mln so‘mdan boshlanadi. Turbo versiyalari (4LT va Redline) esa 132 ot kuchiga ega 1,2 litrli turbo dvigatel va 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan keladi.

Onixning yonilg‘i sarfi juda tejamkor bo‘lib, o‘rtacha 4,8 l/100 kmni tashkil etadi. Boshqa eski budjet modellarga qaraganda qimmatroq bo‘lsa-da, yangi platforma va qo‘shimcha qulayliklari bilan ajralib turadi.

Modelning 2023-yil ishlab chiqarilgan versiyasi o‘rtacha 135 mln so‘mdan boshlanadi. Narxning yangi versiyasiga nisbatan yaqin bo‘lishi texnik jihozlar o‘rnatilgani bilan izohlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili haqida beshta faktni yozgan edi.

Shuningdek