Yangilangan Chevrolet Cobalt haqida o‘zbekistonliklar qanday fikrda

8-sentabr 2025 15:32 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

O‘zbekistonda eng ommabop avtomobillardan biri bo‘lgan Chevrolet Cobalt 2025 yangi ko‘rinishda taqdim etildi. Modelning tashqi ko‘rinishidan tortib ichki qismlarigacha bir qator yangilanishlar kiritildi. Shuningdek, Chevrolet Uzbekistan tomonidan e’lon qilingan post ostida yuzdan ziyod yurtdoshlarimiz o‘z fikrlarini bildirdi. Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt haqidagi fikrlar va izohlarni bitta metrial yangilik va izohlarni jamladi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Yangilangan Chevrolet Cobalt qanday bo‘ladi

Foto: Chevrolet Uzbekistan

Cobalt 2025 zamonaviy ko‘p funksiyali rul bilan jihozlangan. Rulda audiotizim va kruiz-kontrolni boshqarish tugmalari joylashtirilgan. Orqa qismida esa yorqin yoritishli panel va 200 km/soatgacha tezlikni ko‘rsatadigan spidometr mavjud. O‘rindiqlar kombinatsiyalangan obivka bilan qoplangan. Kontrastli tikuvlar interyerni yanada chiroyli qiladi, kuchaytirilgan yon tomondan ushlab turish esa haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik beradi. Chap tomonda faralar, tuman chiroqlari va panel yoritilishini sozlash tugmalari joylashgan.

Foto: Chevrolet Uzbekistan

Konsolda sensorli multimedia ekrani mavjud bo‘lib, Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlanadi. Uning ostida esa konditsioner va isitish tizimining mexanik regulyatorlari joylashtirilgan. Avtomat uzatmalar qutisi zamonaviy dizayndagi selektor bilan taqdim etilgan. Haydovchilar uchun qo‘lda M rejimida boshqarish imkoniyati ham bor.

Foto: Chevrolet Uzbekistan

Old panel, rul, multimedia ekrani va o‘rindiqlar birgalikda interyerning kengligini va qulayligini ko‘rsatadi. Yaqin ko‘rinishda ekranda audio, telefon, sozlamalar va boshqa ilovalar ikonkalari ko‘rinadi. Panelning yaqin ko‘rinishida avtomobil tizimlari, tezlik va boshqa ko‘rsatkichlar aniq yoritilgan.

Modelning narxi qanday bo‘lishi mumkin

Foto: Chevrolet Uzbekistan

Narxning qanchaga oshishi bo‘yicha faqat taxminlar bor xolos. Avtostrada nashrining yozishcha, Yangilangan Chevrolet Cobalt’ning narxi 165 mln so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Oshirilishi kutilayotgan narxning halitdan ayrim foydalanuvchilar o‘rtasida kichik norozichilikka sabab bo‘lmoqda.

Chevrolet Uzbekistan telegram-kanalining postiga qoldirilgan izohlar / Foto: Ekran tasviri

«Otti kallasini pulini mindiradi. Endi 2 mln so‘mlik narsa qo‘shib. Xalq $80 ga monitor, $30 ga multi knopka qo‘yayotagan edi. Endi modelning narxi kamida $2ming qimmatlashi mumkin», deydi foydalanuvchilardan biri.

Yana biri esa:

«165 mln so‘m deyishyapti. Juda qimmat 150 mln so‘m bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi», degan.

Chevrolet Uzbekistan telegram-kanalining postiga qoldirilgan izohlar / Foto: Ekran tasviri

O‘zbekistonliklarning izohlari: nimalarni kutish kerak

Chevrolet Uzbekistan postida Cobalt 2025 bo‘yicha ko‘plab izohlar qoldirildi. Sharhlar turlicha bo‘lsa-da, asosan quyidagi mavzular ko‘tarildi:

Ko‘pchilik avtomobil narxi va shartnomalar qachon ochilishi haqida qiziqdi. Ayrimlar 160–170 mln so‘m atrofida bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi, boshqalar esa narx oshishidan xavotir bildirdi.

Chevrolet Uzbekistan telegram-kanalining postiga qoldirilgan izohlar / Foto: Ekran tasviri

Eng ko‘p berilgan savol — Gentra yana ishlab chiqariladimi? Ko‘plab foydalanuvchilar Cobalt bilan birga Gentra ham sotuvga chiqishini xohlashdi. Biroq ayrimlar Jentra liniyasi yopilganini eslatgan.

Izohlarda ko‘plab takliflar bildirildi: lyuk, panorama, parktronik, kamera, zamonaviy audio tizim va hatto yumshoq balon qo‘shilsa yaxshi bo‘lishi aytildi. Ayrimlar esa yangi panelni quvvatlasa-da, eski dizayn «oddiy va ishonchliroq edi» deya fikr bildirdi.

«Monitor, rul, tabloida o‘zgarish bor xolos. Bunga ham ecomizer qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi. Eksport variantiga qo‘yishyaptiyu», deydi bir foydalanuvchi.

Model qaysi avtomobil bilan taqqoslanmoqda

Chevrolet Uzbekistan telegram-kanalining postiga qoldirilgan izohlar / Foto: Ekran tasviri

Avtomobil narx va imkoniyalari jihatidan yaqin bo‘lgani uchun Chevrolet Onix bilan taqqoslanmoqda. Ayrimlar Onix’ni xarid qilish yaxshi desa, ba’zilar Cobalt’ni ustun ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Chevrolet Cobalt taqdim etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek