Abduqodirga ishonaman u jismonan kuchli va tezkor — Gvardiola Husanovning Manchester derbisidagi o‘yiniga baho berdi

15-sentabr 2025 11:07 eʼlon qilindi

Nasrullo Karimov

Nasrullo Karimov

Muxbir
Foto: Getty Images

Angliya Premyer-ligasi 4-turidan o‘rin olgan bahsda «Manchester Siti» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qildi. Yakunda «shaharliklar» 2:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.

«Manchester Siti»ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov uchrashuvni asosiy tarkibda boshlab, to‘liq maydonda harakat qildi. Statistikalarga ixtisoslashgan SofaScore nashri Abduqodirning o‘yinini 7,4 ballga loyiq ko‘rdi.

Bellashuvdan so‘ng «shaharliklar» bosh murabbiyi Pep Gvardiola Manchester derbisi haqida fikr bildirar ekan, Husanovning harakatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

«11 oy davomida har uch kunda maydonga tushamiz. Husanov faqat o‘ng qanotda emas, boshqa pozitsiyalarda ham harakat qila oladi. Hech bir futbolchi bu jadvalga yolg‘iz bardosh bera olmaydi. Biz uchun barcha o‘yinchilar muhim. Abduqodirga ishonaman – u jismonan kuchli, yosh va tezkor. Albatta, hali ko‘p narsa o‘rganishi kerak.

U bugun o‘z hududini ishonchli qo‘riqladi, toza o‘ynadi, deyarli to‘p yo‘qotmadi. Ba’zida energiyasi uni noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishga olib keladi, lekin biz bu haqda ko‘p gaplashganmiz. Vaqt o‘tishi bilan barchasi iziga tushadi. Unda ajoyib tezlik va konsentratsiya bor. Bugun u juda yaxshi harakat qildi», dedi Gvardiola.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025-yilning yanvar oyida «Manchester Siti» futbolchisiga aylangandi. Tomonlar o‘rtasida 2029-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolangan.

Shuningdek