
Honda kompaniyasi yangi Honda CR-V krossoverini 2027-yilning fevralidayoq ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.
Dastlab yangi CR-V Hybrid ishlab chiqarilishi Shimoliy Amerikada yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Nikkei ma’lumotiga ko‘ra, Honda yangi avlod gibrid avtomobillarini ishlab chiqarish rejasini bir necha oyga tezlashtirgan.
Yoqilg‘i sarfi 10% dan ko‘proqqa kamayishi mumkin
Yangi CR-V Honda’ning keyingi avlod ikki elektromotorli gibrid tizimidan foydalanadi. Uning asosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yonilg‘i purkash tizimiga ega 2,0 litrli to‘rt silindrli benzin dvigateli va ikkita elektromotor tashkil etadi.

Honda yangi gibrid tizim yordamida yoqilg‘i samaradorligini amaldagi texnologiyalarga nisbatan 10% dan ko‘proqqa yaxshilashni maqsad qilgan. Shu bilan birga, gibrid tizimning ishlab chiqarish tannarxini qariyb 30% ga kamaytirish rejalashtirilgan.
Gibrid avtomobil uzatma almashishini taqlid qiladi
Yangi avlod gibrid modellarida Honda S+ Shift texnologiyasi ham qo‘llanilishi kutilmoqda. Tizim avtomobilda an’anaviy pog‘onali uzatmalar qutisi bo‘lmasa ham, dvigatel aylanish tezligi va elektromotorlar ishini boshqarib, uzatma almashish jarayonini taqlid qiladi.
Honda ma’lumotiga ko‘ra, texnologiya tezlanish va sekinlashish vaqtida dvigatel aylanishlarini bosqichma-bosqich o‘zgartirib, haydovchiga klassik transmissiyaga yaqin boshqaruv hissini beradi.
Yangi platforma avtomobil massasini 90 kg kamaytiradi

Honda o‘rta o‘lchamdagi avtomobillari uchun yangi platforma ham ishlab chiqmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning konstruksiyasi amaldagi platformaga nisbatan qariyb 90 kg yengil bo‘ladi.
Yangi platformada turli modellarda ishlatiladigan qismlarni birxillashtirish darajasini 60 foizdan oshirish ham ko‘zda tutilgan. Bu ishlab chiqarish va yangi avtomobillarni yaratish xarajatlarini kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.
Elektronika burilishlarda avtomobilni boshqarishga yordam beradi
Yangi avlod Honda avtomobillarida Motion Management System boshqaruv tizimi ham paydo bo‘ladi. U avtomobilning harakatini kuzatib, tormoz tizimi va elektr motorlarining momentini boshqarish orqali burilishlarda barqarorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Yangi CR-V Hybrid ishlab chiqarilishi 2027-yil fevralida boshlanishi mumkin, biroq Honda hozircha ushbu muddatni rasman e’lon qilmagan. Kompaniya avvalroq yangi avlod gibrid modellari 2027-yildan boshlab bozorga chiqarilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tahoe 2027 qanday ranglarda chiqishi haqida yozgan edi.