
Xpeng Motors kompaniyasi 15-sentabr kuni Avstriyaning Graz shahrida joylashgan Magna zavodida Xpeng G6 va G9 modellari ishlab chiqarilishi boshlanganini tasdiqladi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Magna Steyr tomonidan boshqariladigan Graz zavodi Yevropaning mashhur kontrakt ishlab chiqarish markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda ilgari Mercedes-Benz, BMW, Jaguar Land Rover va Toyota kabi yirik brendlarning modellari yig‘ilgan. Zavod murakkab ko‘p modelli ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan mashhur bo‘lib, o‘zining fabrikasi bo‘lmagan avtomobil ishlab chiqaruvchilarga Yevropada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkonini beradi.

Xpeng 2021-yilda Norvegiyadan Yevropa bozoriga kirgan va hozirda 46 dan ortiq mamlakat va mintaqada faoliyat yuritmoqda. 2025-yilning yanvar – iyul oylarida kompaniya xorijiy bozorlarida 18 701 ta avtomobil sotgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 217% o‘sish demakdir. Yevropaning o‘zida yilning birinchi yarmida 8 mingdan ortiq mashina ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ulardan 67 foizi G6 modeliga to‘g‘ri keladi.
Xpeng yaqinda Germaniyaning Myunxen shahrida o‘zining birinchi Yevropa tadqiqot va rivojlantirish markazini ochdi. Bu markaz texnik hamkorlik va mahsulotlarni mahalliy bozorlarga moslashtirishga xizmat qiladi. Magna bilan hamkorlikda kompaniya kelajakda sedanlar, o‘rta va ixcham SUV’lar hamda yuqori unumli elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Xpeng shu yil sentabr oyida Myunxen avtosalonida o‘z modellarini namoyish qildi. Ko‘rgazmada yangilangan P7, G6 va G9, X9 MPV, P7+ modellari hamda konsept texnologiyalar — gumanoid robotlar, uchuvchi avtomobil prototipi va SEPA platformasi taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng G7 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.