
iPhones mutaxassislari yangi va yupqa smartfon — iPhone Air’ni sinovdan o‘tkazib, uning asosiy afzalligi nimada ekanini aytishdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu modelni qo‘lda ushlab turish juda yoqimli.
Ekspert Artem Bausovning so‘zlariga ko‘ra, qurilmaning 5,6 mm qalinligi va atigi 165 gramm vazni uni «havoday yengil» his qiladi.
«Bir tomondan, korpusiga qoyil qolasiz, ikkinchi tomondan, u shunchalik ingichka ko‘rinadiki, go‘yo hoziroq sinib ketadigandek tuyuladi», dedi u.
Ammo sinovlarda aniqlanishicha, korpusni bukish uchun katta kuch talab qilinadi.
Smartfonning korpusi Grade 5 titandan, ekrani esa Ceramic Shield 2-avlod oynasi bilan himoyalangan. Dizayni ham minimalist va nafis.
«Hech qanday baland ovozli, yorqin ranglar yo‘q — hammasi sodda va chiroyli, xuddi avvalgi flagmanlardagidek», deya qo‘shimcha qildi u.
6,5 dyuymli ekran Pro-modellardagidek — ProMotion, 3000 nit yorqinlik va Dolby Vision qo‘llab-quvvatlanadi. A19 Pro chipi zamonaviy o‘yinlarni tezkor ishga tushiradi, faqat kamera joylashgan yuqori qismi biroz qiziydi.
Kamerasi bitta modulga ega, ammo ekspert fikricha, bu ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun yetarli. Kengroq imkoniyatlar uchun iPhone 17 Pro mos keladi. Batareyasi rekord emas, biroq bir kunlik foydalanishga yetadi. Ishlash vaqti jihatidan Air, deyarli, iPhone 16 Pro darajasida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 sotib olish uchun O‘zbekistonda necha kun ishlash kerak bo‘lishi haqida xabar bergan edi.
Ranking.kz hisob-kitoblariga ko‘ra, iPhone 17 (256 GB) xarid qilish uchun eng kam kun ishlash talab etiladigan davlatlar qatorida Shveysariya yetakchilik qildi. U yerda yangi telefonni olish uchun atigi 3 kunlik oylik yetadi. Shuningdek, Lyuksemburg, Islandiya, Singapur va AQSh ham kuchli beshlikdan joy oldi.
MDH va Markaziy Osiyo davlatlarida esa vaziyat boshqacha. Masalan, O‘zbekistonda iPhone 17 xarid qilish uchun 40 ish kuni kerak bo‘ladi. Bu esa o‘rtacha oylik maoshning 1,8 baravariga teng. Numbeo ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi $491,1 yoki 6,1 mln so‘mni tashkil etadi.