
Xitoyda Changan CS55 Plus’ning to‘rtinchi avlodi rasmiy savdosi boshlandi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

Krossover 190 ot kuchiga ega 1,5 litrli Blue Whale turbodvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, bitta to‘ldirishda 1000 km gacha yo‘l bosishi mumkin.

Modelning narxi 78,9 ming yuandan ($11 ming atrofida) boshlanib, 96,9 ming yuangacha yetadi (taxminan $13,5 ming). Avtomobil o‘lchamlari avvalgi avloddan kattaroq — uzunligi 4550 mm, g‘ildirak bazasi esa 2656 mm.

Salonida 10,25 va 14,6 dyuymli displeylar, ergonomik o‘rindiqlar hamda old yo‘lovchi uchun ventilyatsiya, isitish va massaj funksiyali maxsus kreslo o‘rnatilgan. Yuqori komplektatsiyada esa haydovchiga yordam beruvchi Tianshu tizimi mavjud.

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq yangilangan Changan Eado taqdim etilgan edi.