BYD tarixi: akkumulyator ishlab chiqarishdan elektromobil bozorigacha bosib oʻtilgan yoʻl

29-sentabr 2025 17:44 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: BYD

Telefon akkumulyatorlari ishlab chiqarish bilan shugʻullangan BYD qisqa muddat ichida dunyoning eng yirik avtomobil kompaniyalaridan biriga aylandi. Bugun u nafaqat Tesla, balki boshqa yirik brendlar bilan ham tengma-teng raqobat muhitini yaratmoqda. Yevropa bozoridagi narx «o‘yinlari» hamda AQShdagi boj toʻsiqlariga qaramay, kompaniya oʻsishni davom ettirmoqda. Kursiv Uzbekistanʼning Brend tarixi ruknida bu safar xitoy kompaniyasi haqida soʻz boradi.

Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Akkumulyatordan avtomobilsozlik sari

1995-yilda Shenjen shahrida Van Chuanfu tomonidan asos solingan BYD dastlab akkumulyator ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. Ilk yillarda kompaniya Sony va Sanyo mahsulotlarini tahlil qilib, arzon va ishonchli nusxalarini yaratishga eʼtibor qaratgan. Keyinchalik esa litiy-ion akkumulyatorlari ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻygan. 2002-yilga kelib kompaniya Gonkong birjasiga chiqdi, oradan bir yil oʻtib esa Sianʼdagi Qinchuan avtomobil zavodini sotib oldi hamda avtomobilsozlik sanoatiga kirib keldi.

Foto: Wikipedia

2005-yilda kompaniya F3 modelini taqdim etdi va u Xitoy ichki bozorida katta muvaffaqiyat qozondi. Mazkur davrlarda BYD arzon va oddiy avtomobillar ishlab chiqaruvchi sifatida ommaga tanildi. 2008-yilda Berkshire Hathaway kompaniyaning 10 foiz ulushni $230 millionga sotib oldi. Bu nafaqat moliyaviy resurs, balki global miqyosda ishonch va katta shuhrat olib keldi. Oʻsha yillarda BYD F3DM plug-in gibrid avtomobilini ham taqdim etdi, lekin bozordagi haqiqiy muvaffaqiyat keyinchalik sodir bo‘ldi.

Burilish nuqtasi

2020-yilda BYD Blade Battery texnologiyasini joriy qildi. LFP kimyosiga asoslangan ushbu akkumulyator xavfsizlik va samaradorlik boʻyicha yangicha mezonlarni belgilab berdi. Testlar shuni koʻrsatdiki, Blade Battery portlashga chidamli va uzoq xizmat muddati bilan ajralib turadi. Keyinchalik bu texnologiya Han va boshqa modellarda keng qoʻllanildi. Shu bilan birga, FinDreams yoʻnalishi tashkil etildi, u batareya, powertrain, elektronika va qolip yoʻnalishlarini alohida rivojlantirdi.

Foto: BYD

BYD avtomobil bozorida faqat yengil mashinalar bilan cheklanib qolmadi. Kompaniya avtobus va yuk mashinalari uchun ham elektr yechimlarini ishlab chiqdi. Shuningdek, SkyRail deb nomlangan shahar transport tizimini ishlab chiqdi. Bunday keng qamrovli yondashuv kompaniyaning texnologik imkoniyatlarini yanada kuchaytirdi.

Global bozordagi oʻsish

2023-yilda BYD global miqyosda sezilarli yutuqlarga erishdi. Turli manbalarga koʻra, kompaniya yil davomida 1,6 million toza elektr avtomobili (BEV) sotdi va katta hajmda gibrid modellarni ham bozorga chiqardi. Oʻsha yilning toʻrtinchi choragida BEV sotuvlari boʻyicha Teslaʼni ortda qoldirdi. 2024-yilda esa global sotuvlar yanada oshdi, Yevropa bozorida ham kompaniyaning ulushi kengaydi.

Kompaniya 2024-yilda 4,27 milliondan ortiq elektromobillar sotib, global yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Tesla esa 1,77 million sotuv bilan ikkinchi oʻringa tushdi.

Foto: Sora yordamida tayyorlandi

Soʻnggi yillarda Tesla bilan raqobat tobora kuchayib bormoqda. Tesla premium va yuqori segmentda yetakchilik qilayotgan boʻlsa, BYD oʻrta segmentda kuchli pozitsiyani egallagan. Bundan tashqari, BYD gibrid texnologiyalarni faol targʻib qilmoqda. Xitoy ichida narx ustunligi va gibrid strategiyasi uning foydasiga ishladi. Yevropada esa BYD zavod ochib, logistika markazlarini kengaytirish orqali boj va tarif xavflarini kamaytiryapti. Tesla avtomobillari asosan dasturiy taʼminotga tayanadigan soft-defined car (dastur bilan boshqariladigan avtomobil) konsepsiyasi bilan ajralib turadi, BYD esa ishlab chiqarish samaradorligi va batareya texnologiyalariga koʻproq suyanadi.

Dizayn va brending

Foto: BYD

Brending va dizayn ham BYD rivojida muhim rol oʻynadi. 2016-yilda kompaniya Audiʼning sobiq bosh dizayneri Volfgang Eggerni jamoaga qoʻshib oldi. Uning rahbarligida modellarning tashqi koʻrinishi va salon sifati keskin yaxshilandi. 2024-yilda BYD Game Science bilan hamkorlik qilib, Black Myth: Wukong loyihasi orqali yosh auditoriyaga yaqinlashdi. Bu hamkorlik kompaniyani zamonaviy texno-madaniy oqim bilan bogʻladi.

Kompaniya nomining ma’nosi

BYD nomi kompaniya marketingida Build Your Dreams (O‘z orzularingni qur) deb talqin qilinadi. Bu shior kompaniyaning global brend sifatida o‘zini qanday ko‘rsatishini ifodalaydi.

Ammo kompaniya tashkil etilgan paytda bu nomning aniq ma’nosi bo‘lmagan. Keyinchalik Build Your Dreams shaklidagi talqin brendni xalqaro miqyosda yanada tanitish va mijozlarga yaqinlashtirish maqsadida joriy qilindi. Shunday qilib BYD qisqartmasi oddiy texnik nomdan butun kompaniyaning falsafasini ifodalovchi shior darajasiga ko‘tarildi.

Oʻzbekiston bozoridagi oʻrni

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston ham BYD uchun muhim bozor sifatida shakllanmoqda. «Oʻzavtosanoat» bilan hamkorlikda BYD Uzbekistan Factory tashkil etildi. Jizzaxda yiliga 50 ming dona gibrid va elektromobil ishlab chiqarish loyihasi eʼlon qilindi. Mahalliylashtirish bosqichma-bosqich oshirilmoqda.

Milliy statistika qoʻmitasi ma’lumotlariga koʻra, 2025-yil yanvar – avgust oylarida Oʻzbekistonda 284 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Oʻsish o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 9,2 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkichlar orasida BYD ulushi 12 930 donani tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet tarixi haqida material tayyorlagan edi.

Shuningdek