
Great Wall Motor (GWM) 2026-yil oxirida o‘zining ilk superkarini bozorga olib chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda Car News China nashri xabar berdi.
Kompaniya raisi Vey Szyanjun uni «Xitoyning haqiqiy sport avtomobili» deya ta’rifladi. Loyiha so‘nggi 4-5 yil davomida ishlab chiqilmoqda.
Superkar GWM’ning yangi Ultra Luxury Vehicle Business Group bo‘linmasi tomonidan yaratilmoqda. Dastlabki tasvirlar 2025-yil iyulida kompaniyaning 35 yilligida paydo bo‘lib, keng qanotli va past profilli dizayn e’tiborni tortgandi.
Texnik tafsilotlarga ko‘ra, avtomobil 4.0T twin-turbo V8 dvigateli va elektr motorini birlashtirgan gibrid bo‘lishi mumkin. Taxminlarga qaraganda, u 1000 ot kuchiga yaqin quvvat ishlab chiqaradi, 0 – 100 km/soat tezlikka 3 soniyadan kam vaqt ichida chiqadi va 350 km/soatdan tez yurishi mumkin.
Eng qiziq jihati — narxi. Yangi superkar Xitoy bozorida 2 million yuan ($280 ming) atrofida sotilishi kutilmoqda. Bu Ferrari SF90 bahosidan qariyb ikki baravar arzon.
SUV va pikaplari bilan tanilgan GWM uchun bu yo‘nalish katta burilish bo‘lib, kompaniya o‘zini global superkar bozorida ko‘rsatishni maqsad qilmoqda. Shu bilan birga, u BYD va Xiaomi kabi xitoy ishlab chiqaruvchilarning yuqori unumdor avtomobillar segmentiga kirib kelayotganini ham namoyish etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GWM Ora 5 elektromobili 25-sentabrda taqdim etilishi haqida yozgandi.