
Motorola tomonidan Hindiston bozorida yangi arzon toifadagi Moto G06 Power smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Qurilma avvalroq Yevropa bozorida chiqarilgan Moto G06 seriyasining davomi hisoblanadi. Smartfon 6,88 dyuymli HD+ LCD displey bilan jihozlangan bo‘lib, u 120 Hz yangilanish chastotasi, 20.5:9 ekran nisbati va 600 nit yorqinlik darajasini ta’minlaydi. Displey Corning Gorilla Glass 3 himoyasiga ega.

Moto G06 Power MediaTek Helio G81-Ultra protsessorida ishlaydi. Qurilma 4 GB LPDDR4X RAM va 64 GB xotira bilan ta’minlangan, microSD karta orqali xotirani 1 TB gacha kengaytirish mumkin. Smartfon Android 15 operatsion tizimida ishlaydi va 2 yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini oladi.
Asosiy kamera 50 MP (f/1.8) sensorga ega bo‘lib, LED chiroq bilan jihozlangan. Old kamerasi esa 8 MP (f/2.0). Qurilmada Dolby Atmos texnologiyasiga ega stereo karnaylar, 3,5 mm audio port, va yon tomonda joylashgan barmoq izi skaneri mavjud.

Moto G06 Power IP64 sertifikatiga ega bo‘lib, u chang va suv sachrashiga qarshi himoyalangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Motorola Edge 60 Neo smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.