
Realme kompaniyasi tomonidan Realme GT 8 Pro smartfoni rejalashtirilgan muddatdan oldin taqdim etiladi. Bu haqda 91mobiles xabar bermoqda. Qaror OnePlus 15’ning 13-noyabr kuni global taqdimoti bilan bog‘liq.
Dastlab Realme 18 – 20-noyabr oralig‘ida premyera o‘tkazishni rejalashtirgan edi, ammo endi GT 8 Pro 11-noyabr kuni namoyish etilishi kutilmoqda.

Yangi model Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi. Qurilma GT Boost 3.0 texnologiyasini, 16 GB operativ xotirani, 6,78 dyuymli 2K 144 Hz displeyni va 7 000 mA·soat sig‘imli batareyani oladi. Asosiy e’tibor esa kameraga qaratilgan. Realme ushbu model uchun yapon ishlab chiqaruvchisi Ricoh bilan to‘rt yil davom etgan hamkorlik asosida maxsus kamera yaratganini tasdiqladi.

Shunday qilib, Realme GT 8 Pro Hindiston bozorida Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipiga ega birinchi smartfonlardan biri bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 190 dollarlik Realme 15x smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.