
Toyota kompaniyasi 20-oktabr kuni yangi Toyota Land Cruiser FJ modelining yopiq taqdimotini o‘tkazadi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda. Modelning global namoyishi esa 21-oktabrga rejalashtirilgan.
Yangi Land Cruiser FJ kompaniya tarixidagi eng ixcham ramali to‘liq yurituvli (4×4) model bo‘ladi. U Toyota Hilux Champ bilan bir xil IMV-0 platformasida ishlab chiqiladi. Shu bois avtomobil Hilux va Fortuner’ning kelajakdagi avlodlari uchun asos bo‘luvchi texnologiyani ham namoyish etadi.
Avtomobilning uzunligi 4500 mm bo‘lib, u Land Cruiser 250 va 300 modellari bilan solishtirganda ancha ixcham. Model Tailandda ishlab chiqariladi va 2026-yil o‘rtalarida Yaponiya bozorida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.
Toyota Land Cruiser FJ ikki xil dvigatel varianti bilan taklif etiladi. 2,7 litrli benzinli motor 6 pog‘onali avtomatik uzatma bilan, shuningdek, 2,8 litrli 48 voltli elektr tizimiga ega turbodiesel motor 8 pog‘onali avtomat bilan birgalikda ishlaydi. Har ikki versiya ham to‘liq yurituv tizimi bilan jihozlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri haydovchilar eng ko‘p mamnun bo‘lgan 5 avtomobil haqida yozgan edi.