
Xitoyning Xpeng kompaniyasi tomonidan yangi Xpeng X9 avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model 7 o‘rindiqli katta MPV yilning to‘rtinchi choragida savdoga chiqadi. U Xpeng’ning ilg‘or Kunpeng Super Range Extension texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Avtomobil 1,5 litrli turbomotorli range extender (DAM15NTE) bilan jihozlangan bo‘lib, 110 kVt quvvatga ega. 800V yuqori kuchlanishli platforma va 5C tezkor zaryadlash tizimi orqali mashina faqat elektrda 452 km, umumiy hisobda esa 1602 km masofani bosib o‘tadi.
Tashqi ko‘rinishda X9 EREV oldingi elektr versiyaga o‘xshaydi, biroq ba’zi dizayn o‘zgarishlari bilan farq qiladi. Split faralar, uch bo‘lakli LED kunduzgi chiroqlar va yopiq panjara old bamper bilan uyg‘unlashgan. Shuningdek, yangi Aurora Green (Aurora yashil) rangi ham taqdim etilgan.

Avtomobil o‘lchamlari ham noodatiy. Uning uzunligi 5316 mm, kengligi 1988 mm, balandligi 1785 mm. G‘ildiraklar bazasi esa 3160 mmni tashkil etadi. Yon tomonda yashirin A, B, C va D ustunlar suzuvchi tom effektini beradi. 20 dyuymli ko‘p spikali disklar va gumbazli g‘ildirak yoylari unga futuristik ko‘rinish beradi.
Orqa qismda yirik oynali fastback dizayn, LED bilan yoritilgan XPeng logotipi va uzluksiz orqa chiroq chizig‘i ishlatilgan. Asosiy farqlardan biri – chap qanotda yonilg‘i baki, o‘ng tomonda esa tez va sekin zaryad portlari joylashgan.

Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi (MIIT) ma’lumotiga ko‘ra, X9 EREV 63,3 kVt/soatli batareya, 60 litrli yoqilg‘i baki bilan jihozlanadi. Yonilg‘i sarfi 6,4 l/100 km bo‘lib, bu uni bozordagi eng samarali gibrid minivenlardan biriga aylantiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xpeng Avstriyada G6 va G9 modellarini ishlab chiqarishni boshlagani haqida yozgan edi.