2025-yilda TikTok uchun eng yaxshi smartfonlar

27-oktabr 2025 10:55 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
TikTok uchun smartfonlar
2025-yilda TikTok uchun eng yaxshi smartfonlar / Foto: SI yordamida yaratilgan

2025-yilda TikTok kontent yaratuvchilari uchun telefon – bu endi shunchaki aloqa vositasi emas. Kursiv Uzbekistan Gizmochina nashriga tayanib, mazkur yildagi TikTok uchun eng yaxshi smartfonlar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

iPhone 17 Pro / Pro Max — mobil studiya darajasidagi imkoniyatlar

Apple’ning iPhone 17 Pro va Pro Max modellari jiddiy kontent yaratuvchilar uchun mo‘ljallangan. Har ikkisi ham 48 MP’lik uch kamerali tizimga ega bo‘lib, yangi 200 mm’lik 8x optik zumli teleobyektiv bilan jihozlangan.

Old kamera 18 MP kvadrat sensorga ega. bu vloglar va kadrlar orasida kengroq, kino uslubidagi tasvir olish imkonini beradi.

A19 Pro chipi va 16 yadroli Neural Engine 4K 120fps Dolby Vision videolarni kechiktirmasdan qayta ishlaydi. Dual Capture funksiyasi old va orqa kamerada bir vaqtda yozish imkonini beradi. Bu reaksiya videolari va sayohat vloglari uchun ideal.

Google Pixel 10 Pro / Pro XL — aqlli kamera va avtomatik sozlamalar

Pixel 10 Pro seriyasi dasturiy ta’minotga tayangan holda ishlaydigan kontent yaratuvchilar uchun ishlab chiqilgan. Tensor G5 chipi kamera ishlashini optimallashtiradi. Magic Cue, Auto Best Take va Camera Coach funksiyalari real vaqt rejimida sahnani tahlil qiladi.

48 MP Pro Res Zoom kamerasi 100x raqamli zumni va kuchli stabilizatsiyani ta’minlaydi. Old kamera esa 4K 60fps yozadi. Pixelsnap tizimi esa magnit aksessuarlar orqali 25W Qi2 zaryadlash, gimballar va ushlagichlar bilan ishlash imkonini beradi.

Samsung Galaxy S25 Ultra — professional videoga mo‘ljallangan flagman

Galaxy S25 Ultra videoga jiddiy yondashuvchi kontent yaratuvchilar uchun. 200 MP asosiy va 50 MP ultra keng kamera past yoritilishda ham tiniq tasvir beradi.

ProScaler va Galaxy Log funksiyalari professional darajadagi rang tahriri va video ishlov berishni osonlashtiradi. 5x va 10x optik zum esa kadrni aniqlik bilan sozlash imkonini beradi. Snapdragon 8 Elite chipi va katta bug‘ kamerasi issiqlikni nazoratda ushlab turadi. Bu uzoq davom etuvchi yozuvlar uchun muhim.

Xiaomi 15 Ultra — qo‘lda boshqariladigan professional kamera tajribasi

Xiaomi 15 Ultra Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan to‘rt kamerali tizimga ega. Asosiy 1 dyuymli sensor va 200 MP HP9 telefoto linzasi 4K 120fps, 10-bit Log va ACES formatidagi professional video yozishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Photography Kit Edition ushlagichi — maxsus qo‘l ushlagich, filtr halqasi, qo‘shimcha batareya (2000 mA/soat) bilan ta’minlangan. HyperOS tizimi esa katta hajmli fayllarni silliq tahrirlaydi. Mobil kinoga jiddiy yondashuvchi ijodkorlar uchun ideal variant.

Vivo X200 Ultra — suratga olish texnologiyasida inqilob

Vivo X200 Ultra modeli tasvir sifatiga eng katta urg‘u beradi. Qurilmada ikkita 50 MP Sony LYT-818 sensori va 200 MP Zeiss APO super-telefoto linzasi mavjud. Ikki maxsus chip — VS1 va V3+ — tasvirni oldindan va keyin qayta ishlaydi.

Telefon 4K 120fps yozuvni, time-lapse videoni va professional telekonverter tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Vivo shuningdek fotografik aksessuarlar to‘plamini ham taklif etadi: zum tutqichi, obturator ushlagichi va 2300 mA/soatlik qo‘shimcha batareya.

iPhone 17 — oddiy model, lekin Pro darajasida

Standart iPhone 17 ham ijodkorlar uchun jiddiy imkoniyatlarga ega. 6,3 dyuymli ProMotion ekrani, A19 chipi va 48 MP ikkilik kamerasi bilan u professional darajadagi videolarni yozadi.

18 MP Center Stage old kamerasi AI yordamida yuzni kuzatadi, kadrni aylantiradi va vloglar uchun ideal kompozitsiyani yaratadi. 4K HDR video va Dual Capture funksiyasi hayotiy kontent uchun ayni muddao.

Eslatib o‘tamiz, TikTok O‘zbekistonda rasman bloklangan. Donald Tramp sentabrda TikTok faoliyatiga oid masalani Si Szinpin bilan muhokama qilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyida sotib olish uchun eng yaxshi smartfonlar haqida yozgan edi.

Shuningdek