
Xiaomi kompaniyasi o‘zining yangi flagmani — Redmi K90 Pro Max Automobili Lamborghini Champion Edition modelini taqdim etdi. Maqolada yangi taqdim etilgan model haqida so‘z boradi.
Dizayn: Hashamatli sport ruhida
Champion Edition modeli orqa panelida an’anaviy Redmi logotipi o‘rniga Lamborghini belgisi joylashgan. Uning yonida esa poyga merosini aks ettiruvchi Y-shaklidagi chiziqlar tushirilgan. Dizayn oq rangdagi korpus bilan uyg‘unlashib, avtomobil estetikasini eslatadi. Kamera blokining shakli biroz o‘zgartirilgan bo‘lib, umumiy ko‘rinishga sport ruhi bag‘ishlaydi.

Maxsus dasturiy imkoniyatlar
Lamborghini bilan hamkorlik faqat tashqi dizaynda emas, balki ichki interfeysda ham seziladi. Redmi K90 Pro Max Champion Edition foydalanuvchilari maxsus yuklanish animatsiyasi, zaryadlashda Lamborghini uslubidagi effektlar, mavzuli ikonalar va eksklyuziv fon rasmlari bilan ta’minlanadi. Har bir grafika va ovoz Lamborghini poyga avtomobillarining tezligi va kuchini eslatuvchi tarzda ishlab chiqilgan.
Qadoqlash va to‘plamdagi aksessuarlar

Premium nashrga mos ravishda, bu model uchun maxsus quti dizayni tayyorlangan. Quti ichida foydalanuvchi Lamborghini uslubidagi himoya g‘ilof, mavzuli zaryadlovchi adapter, kolleksion kartochka va xizmat ko‘rsatish pinini topadi. Har bir detal – bu hamkorlik ruhini his ettirish uchun ishlab chiqilgan. Unboxing jarayoni esa oddiy xariddan ko‘ra ko‘proq kolleksion tajribani eslatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Redmi K90 Pro smartfoni qanday imkoniyatlar bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.