13 ming dollarlik BYD K-Car qanday xususiyatlarga ega

27-oktabr 2025 11:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
BYD
Foto: CarNewsChina

BYD kompaniyasi tomonidan BYD K-Car elektromobili Yaponiya Mobility Show 2025 ko‘rgazmasi arafasida namoyish qilindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Ushbu model kompaniyaning eng arzon elektr avtomobili bo‘lib, uning narxi 2 mln iyen (taxminan $13 ming) atrofida bo‘ladi.

Model haqida nimalar ma’lum

Foto: CarNewsChina

BYD K-Car – Yaponiyada mashhur bo‘lgan kei car (kichik o‘lchamli avtomobillar) segmentiga kiruvchi to‘liq elektr modeldir. Bu turdagi avtomobillar uzunligi 3,4 metr, eni 1,48 metr va balandligi 2 metrdan oshmasligi kerak. Shuningdek, dvigatel hajmi 670 kub santimetrdan ortiq bo‘lmasligi lozim.

2024-yilda kei car avtomobillari Yaponiyada 38 foizlik bozor ulushi bilan eng ommabop transport vositalaridan biri bo‘ldi. Endi esa BYD ushbu segmentda o‘z o‘rnini egallashni maqsad qilgan.

Foto: CarNewsChina

Tashqi ko‘rinish

Yaponiyada o‘tkazilayotgan ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonida BYD K-Car oq rangdagi kuzovda, qora ustunlar bilan suratga olingan. Ushbu dizayn avtomobilga boshqacha effektni beradi.

Mashina ko‘p qirrali kulrang disklarga, orqa suriluvchi eshiklarga, qora oynako‘zgularga va egri shakldagi old faralarga ega. Tomi tekis, bu esa salon ichidagi bo‘sh joyni maksimal darajada kengaytiradi.

Avtomobilning orqa qismida keng oyna, shisha artgich, hamda ikki orqa suriluvchi eshik mavjudligi tasdiqlangan. Ichki qismida esa uch qirrali rul va suzuvchi sensorli ekran joylashgan.

Foto: CarNewsChina

Texnik ma’lumotlar

BYD K-Car to‘liq elektrli bo‘lib, unda 20 kVt·soatli LFP (litiy-temir-fosfat) batareya o‘rnatilgan. Uning WLTC standartidagi yurish masofasi 180 km atrofida.

Hozircha elektromotorning texnik quvvati oshkor etilmagan. Narx oralig‘i esa 2 mln iyendan ($13 ming) boshlanishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Honda N-Box (1,78 mln iyen yoki $11,6 ming) bilan raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 13 ming dollarlik BYD Qin L DM-i 2026 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek