
Taekvondo WT bo‘yicha Xitoyda o‘tayotgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi medalga ega bo‘ldi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Svetlana Osipova Xitoy Taypeyi, Janubiy Koreya va Xitoy vakillarini mag‘lub etib finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda esa turkiyalik kuchli raqibasi Nafisa Kushga imkoniyatni boy berdi.
Shu tariqa Svetlana Jahon chempionatlaridagi uchinchi medaliga ega bo‘ldi. Bungacha unda dunyo birinchiligining bitta oltin va bitta kumush medallari bor edi. Shuningdek, Osipova Parijda o‘tkazilgan Olimpiadaning kumush medali sovrindori sanaladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Osipova BAAdagi turnirda g‘olib chiqqani haqida xabar bergan edi.