
Londonning «Arsenal» klubiga qarshi kechgan uchrashuvda safdan chiqqan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov bir oydan keyin jarohatdan qutulib, mashg‘ulotlarga qaytdi.
Himoyachi 29-oktabr kuni Angliya Ligasi kubogi doirasida «Suonsi Siti»ga qarshi maydonga qaytishi mumkin. Bu Pep Gvardiola Husanovning holatini ko‘rib olishi uchun yaxshi imkoniyat.
Abduqodir uchun bu juda muhim mavsum. Nafaqat klubi darajasida, balki Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan milliy terma jamoa uchun ham Husanov asosiy figuralardan biri sanaladi.
21 yoshli futbolchi jarohati sabab sentabr va oktabr oylaridagi milliy terma jamoa yig‘inlarini o‘tkazib yubordi. «Manchester Siti»ga ham uning yo‘qligi sezildi. «Aston Villa»ga qarshi bahsda «Shaharlklar» g‘alabali seriyasiga yakun yasadi.
«Man Siti» 2-noyabr kuni Angliya Premer-ligasida «Bornmut»ga qarshi o‘ynaydi, keyin esa 5-noyabrda Chempionlar ligasida «Borussiya Dortmund»ga qarshi bahs olib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov Osiyodagi eng qimmat futbolchiga aylangani haqida xabar bergan edi.