Vinisius El-klasikodagi harakatlari uchun uzr so‘radi

30-oktabr 2025 15:13 eʼlon qilindi

(30-oktabr 2025 22:59 yangilandi)
Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Vinisius El-klasikodagi harakatlari uchun uzr so‘radi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

«Real Madrid» va Braziliya terma jamoasi vingeri Vinisius Junior «Real» muxlislari, jamoadoshlari va klub rahbariyatidan uzr so‘radi. Bu haqda u o‘z ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

«Bugun men «Real» muxlislaridan El-Klasikodagi almashtirilishimdan keyingi harakatlarim uchun uzr so‘ramoqchiman. Xuddi shuningdek, bugungi mashg‘ulot vaqtida jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va prezident oldida ham uzr so‘radim. Ba’zan his-tuyg‘ular ustun keladi. Men doimo g‘alaba uchun harakat qilaman va jamoamga yordam berishni xohlayman. Bu raqobatbardoshlik tuyg‘usi klubga bo‘lgan muhabbatimdan kelib chiqadi. «Real» uchun birinchi kunimdan beri qanday kurashgan bo‘lsam, bundan keyin ham shunday davom etaman», – deb yozdi futbolchi.

La Liganing 10-turidan o‘rin olgan uchrashuvda «Real Madrid» o‘z uyida «Barselona»ni qabul qilib 2:1 hisobida ustun kelgan edi. Bahsning 72-daqiqasida madridliklar murabbiyi Vinisiusni zaxiraga oladi. Bundan jahli chiqqan futbolchi maydonni tark eta turib klubdan ketishi haqida gapirgan.

Eslatib o‘tamiz, Vinisius Junior 2018-yilda klubga qo‘shilgan bo‘lib, shu kungacha 216 o‘yinda 66 gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vinisius sud orqali o‘z nomini qaytarib olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek