Kurash davom etadi — Ro‘ziqul Berdiyev

31-oktabr 2025 11:40 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Ro‘ziqul Berdiyev: «Kurash davom etadi. Bu oxiri emas»
Foto: O‘zPFL

30-oktabr kuni Superliganing 27-turida «Nasaf» va «Navbahor» (0:0) to‘qnash keldi. O‘yindan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashib, savollarga javob berdi.

««Navbahor» bugun 5-4-1 sxemasida o‘ynab, yaxshi himoyalandi. Biz pozitsion hujumlarda vaziyatlar yaratdik, ammo imkoniyatlardan foydalana olmadik. Birinchi bo‘limda gol urganimizda yoki ikkinchi bo‘limda Cheranning zarbasi darvoza to‘siniga tegmaganida, o‘yin ssenariysi boshqacha bo‘lardi. Shunga qaramay, futbolchilarimga rahmat, ular maydonda oxirigacha kurashdi», – dedi tajribali mutaxassis.

Berdiyevning so‘zlariga ko‘ra, jamoa charchoq tufayli o‘zining maksimal o‘yinini ko‘rsata olmagan, ammo har bir futbolchida hali ham g‘alaba uchun ishtiyoq bor. U, shuningdek, chempionlik uchun kurash hali yakunlanmaganini ta’kidladi.

«Hozircha birinchi o‘rindamiz. Nega bizni hisobdan chiqaryapti? Hamma jamoada imkoniyat bor. Kurash davom etyapti», – dedi Berdiyev.

So‘nggi kunlarda murabbiyning «OKMK» bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanidagi so‘zlari ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda u agar «Neftchi» chempion bo‘lsa, qahramonlarni maydondan emas, maydondan tashqaridan qidiringlar, degan edi.

Berdiyev bugungi uchrashuvdan so‘ng bu masalaga ham oydinlik kiritdi.

«Bu yerda yashiradigan narsa yo‘q. Men har bir klubning mehnatini qadrlayman. Shu jumladan, “Neftchi»ning ham. «Neftchi»ni «OKMK»ga qarshi kechgan bahsda 20 ming muxlis qo‘llab turdi. Keyin «Neftchi» G‘uzorga borib, «Sho‘rtan» bilan o‘ynadi va u yerda ham muxlislari qo‘llab turdi. Mana, bugun ham 5 ming atrofida «Neftchi» ishqibozi o‘yinga keldi. Bu qahramonlik emasmi?”, – dedi murabbiy.

Ma’lumot uchun, «Nasaf» 27 o‘yindan keyin 58 ochko to‘plagan holda turnir jadvalini boshqarmoqda, «Neftchi» esa 57 ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan. Ammo farg‘onaliklar zaxirasida bitta o‘yin bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘FA Ro‘ziqul Berdiyevning so‘zlaridan keyin surishtiruv boshlagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek