Cobalt uchun bir soat ichida 53 mingdan ortiq shartnomalar rasmiylashtirildi

3-noyabr 2025 11:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt
Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya boshlanganidan so‘ng bir soat ichida 53 911 dan ortiq shartnomalar muvaffaqiyatli rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, soat 11:00 holatiga uzavtosavdo.uz platformasi orqali erishilgan. Kompaniya ma’lum qilishicha, jarayon davomida UzAutoSavdo onlayn tizimiga 30 ta kiberhujum uyushtirilgan. Shunga qaramay, tizim barqaror ishlashda davom etgan. Shu vaqt ichida 165 mingdan ortiq faol foydalanuvchi seansi qayd etilgan, soniyasiga esa 1 180 dan ortiq yangi seans ochilgan.

Bundan tashqari, kompaniyaning Call-markazi qisqa vaqt ichida 584 ta murojaatni qabul qilib, ularni ko‘rib chiqqan.

Foto: Ahmad Muhammadov / Kursiv Uzbekistan

UzAuto Motors onlayn tarzda tuzilgan barcha shartnomalarda maxsus QR-kod bo‘lishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu QR-kod shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi. QR-kodsiz tuzilgan hujjatlar «UzAuto Motors» AJ yoki Chevrolet rasmiy dilerlariga aloqador emas. Shu sababli kompaniya mijozlardan ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni va shartnoma tuzishdan oldin QR-kodni tekshirishni so‘ramoqda.

UzAuto Motors, shuningdek, avtomobil kontraktatsiyasi bo‘yicha barcha rasmiy ma’lumotlar faqat kompaniyaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lon qilinishini eslatib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Cobalt uchun shartnomalar ochilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek