
Yomg‘irli kun, deraza oldi, issiq qahva va ajoyib film. Film ham foydali, ma’lumot, bilim beradigan bo‘lsa undan da ajoyib. Kursiv Uzbekistan moliyaviy olamning keskin burilishlarini his qilishni istaganlar uchun yana bir real voqealarga yaqin – «Xavf chegarasi» (Margin call) filmini tavsiya etadi.
Film 2011-yilda suratga olingan bo‘lib, u ham aynan 2008-yilgi jahon moliyaviy inqirozi fonida kechadi.
Asarda yirik investitsion bankning risk boshqaruvi bo‘limi xodimlari tasodifan kompaniya portfeli halokatli darajada xavf ostida ekanini aniqlab qolishadi. Kecha-kunduz davom etadigan ichki qarorlar, shoshqin yig‘ilishlar, axloqiy tortishuvlar va ulkan bosim ostida ular ikkilanib turadi: haqiqatni yashirishmi yoki bozorga hammasini chiqarib, bo‘ronni boshlashmi?
Film investorlar, brokerlar, boshqaruvchilar psixologiyasini, yuqori risk qarorlarining qanday qabul qilinishini juda sodda, ammo teran dramatizmda ko‘rsatadi.
Unda Kevin Speysi, Jeremi Ayrons, Pol Bettani, Stenli Tuchchi kabi kuchli aktyorlar rol ijro etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Uoll-strit: pul hech qachon uxlamaydi» filmi haqida ma’lumot bergandi.