«Bavariya»dan irodali g‘alaba, «Liverpul» «Real»dan ustun keldi, «Arsenal» esa mag‘lubiyatsiz yurishda davom etmoqda

5-noyabr 2025 12:41 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
UEFA Chempionlar Ligasining 4-turi o‘yinlari o‘tkazildi.
Foto: UEFA

Kecha, 4-noyabr kuni UEFA Chempionlar ligasining 4-tur bahslari bo‘lib o‘tdi. «Real Madrid» «Enfild»da «Liverpul» mehmoni bo‘ldi, «PSJ» esa uyda «Bavariya»ni qabul qildi.

«PSJ» — «Bavariya» 1:2

Myunxenning «Bavariya» klubi safarda «PSJ»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi bo‘limni o‘n kishi bilan o‘tkazgan «Bavariya» Luis Diasning ikki goli evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritdi. «PSJ» ilk bor sentabrdan buyon yutqazdi. Dembele va Hakimi maydonni jarohat bilan tark etdi. Kompani shogirdlari esa barcha musobaqalarda 16 o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmayapti.

«Liverpul» — «Real Madrid» 1:0

«Enfild»da «Liverpul» 1:0 hisobida «Real»dan ustun keldi. Arne Slot jamoasi nihoyat o‘z o‘yinini topayotgandek. Aleksis Makallisterning yagona goli mezbonlarga uch ochko keltirdi. So‘nggi paytda madridliklar ingliz klublariga qarshi qiynalmoqda.

«Tottenxem» — «Kopengagen» 4:0

«Tottenxem» «Kopengagen»ni 4:0 hisobida tor-mor etdi. Himoyachi Miki van de Venning o‘z jarima maydoni yaqinidan boshlangan yurishi ajoyib gol bilan yakunlandi. Shuningdek, «Tottenxem» markaziy himoyachisi jamoaning eng sermahsul futbolchisiga aylandi. Miki bu mavsumda allaqachon olti bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan.

«Yuventus» — «Sporting» 1:1

Spalletti boshchiligidagi «Yuventus» «Sporting» bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Dastlab Arauxo kuchli zarbasi bilan hisobni ochgan bo‘lsa, turinliklar hujumchisi Vlahovich muvozanatni tikladi. Italiya klubi hali ham Chempionlar ligasida g‘alabaga erishmadi.

«Atletiko Madrid» — «Union» 3:1

«Atletiko Madrid» jamoasi «Union»ni 3:1 hisobida yengdi. Xulian Alvares yana gol urdi. «Arsenal»ga qarshi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng bu ajoyib natija bo‘ldi. Norvegiyada «Monako» «Bude-Glimt»ni 1:0 hisobida yengdi. Folarin Balogun raqb darozasini ishg‘ol qildi.

«Napoli» — «Ayntraxt» 0:0

Neapolliklar «Ayntraxt» bilan nursiz durang qayt etdi. Kontening jamoasi so‘nggi o‘yinlarda g‘alaba qozona olmayapti. Hujumda kreativlik yetishmayapti, bu esa Italiya chempionlari uchun xavotirli signal.

«Slaviya» — «Arsenal» 0:3

Londonning «Arsenal» klubi «Slaviya»ni safarda 3:0 hisobida yengdi. Jamoa o‘n o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Saka penaltidan hisobni ochdi, keyin Mikel Merino dubl qayd etib hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UEFA Chempionlar ligasining 3-tur o‘yinlari o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek