
Xitoyda yangi Polestones Adamas elektromobili rasman namoyish qilindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, bu model ilgari Yaqin Sharqda tanishtirilgan Polestones 01’ning yangilangan versiyasi bo‘lib, dekabr oyida savdoga chiqadi.
Adamas tashqi ko‘rinishida kvadrat shaklli dizayn uslubini saqlab qolgan, biroq ayrim elementlar qayta ishlangan. Old panjara endi kuzov rangi bilan bir xil bo‘lib, faralar ostidagi panjarali bezak yopiq shaklga o‘tkazilgan.

Avtomobil beshta rangda taklif etiladi: Deep Rock Grey, Glacier White, Forest Green, Quicksand Gold va Starry Black.
O‘lchamlari 5050 mm uzunlik, 1985 mm kenglik va 1869 mm balandlikni tashkil etadi (ba’zi konfiguratsiyalarda 5298 mm va 1856 mm). G‘ildiraklar bazasi – 3010 mm.
Salon 15,7 dyuymli markaziy ekran va 12,3 dyuymli raqamli panel bilan jihozlangan. Rul dizayni o‘zgartirilgan. Star River Purple nomli yangi ichki rang ham qo‘shilgan. 6 o‘rindiqli (2+2+2) va 7 o‘rindiqli (2+2+3) variantlarda ishlab chiqariladi. Qulayliklar qatorida yumshoq yopiluvchi eshiklar, ichki sovitkich va orqa ko‘ngilochar ekran mavjud.

Texnik jihatdan, avtomobil 1.5T benzin dvigateli bilan ishlaydigan kengaytirilgan masofa tizimiga ega. Dvigatel quvvati 108 kVt. Bitta elektromotorga ega versiya 150 kVt (201 ot kuchi), ikki motorga ega versiya esa jami 350 kVt (469 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi.
44,5 kVt/soatli batareya 215 km masofani faqat elektrda bosib o‘tadi. Shuningdek, havo osma tizimi 140 mm.gacha sozlanadigan balandlikni ta’minlaydi.
Hozircha Rox Motor kompaniyasining yagona modeli Polestones 01 bo‘lib, u har oy mingdan ortiq dona sotiladi. Mazkur kompaniya robot changyutgich ishlab chiqaruvchi Roborock tomonidan asos solingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker AQShda eng arzon avtomobillardan biri bo‘lgani haqida yozgan edi.