
Dubayda dunyodagi eng baland mehmonxona Ciel Dubai Marina ochildi. Bu haqda amirlikning The National news nashri ma’lum qildi.

Mehmonxona balandligi 377 metr bo‘lib, bu Dubaydagi mashhur 356 metrlik Gevora Hoteldan oshadi. 82 qavatli mehmonxonada 1004 xona mavjud. Shu bilan birga, mehmonxonaning 76-qavatida Tattu Sky nomli dunyodagi eng baland panoramik basseyn ochildi. 81-qavatda esa mehmonlar uchun terassa va lounge zonasi tashkil etilgan.

Besh yulduzli mehmonxonani qurish taxminan $540 mlnga tushdi va buning uchun besh yil vaqt ketgan. Hozirgi kunda dunyodagi eng baland o‘n mehmonxonadan olti tasi Dubayda joylashgan.

Ma’lumot uchun, BAA 150 metr balandlikdagi osmono‘par binolar bo‘yicha dunyo yetakchilari qatoriga kiradi. U yerda kamida 345 ta bunday binolar mavjud, shundan 269 tasi Dubayda joylashgan. AQShda 929 ta, Xitoyda esa 3500 dan ortiq bunday bino mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAAning DP World kompaniyasi va O‘zbekistonning Tashkent Invest kompaniyasi Toshkentda yirik logistika terminali qurish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.