
Huawei kompaniyasi rasmiy ravishda Mate 80 flagmanlar seriyasi va yangilangan buklanadigan Mate X7 smartfonining taqdimoti 25-noyabrga belgilanganini ma’lum qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Taqdimot oldidan e’lon qilingan ilk tizer minimalistik uslubda bo‘lib, undagi ikki katta doira Mate 80’ning kamerasi va orqa paneldagi magnit elementga ishora qiladi. Shu bilan birga, Digital Chat Station qurilmaning haqiqiy ko‘rinishini ham e’lon qilgan.
Mate 80 seriyasidan nimani kutish mumkin
Yangi liniya quyidagi modellardan iborat bo‘lishi kutilmoqda: Mate 80, Mate 80 Pro, Mate 80 Pro Max va Mate 80 RS Master Edition.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, barcha versiyalar yangi Kirin 9030 chipsetiga o‘tadi, 3D yuzni aniqlash tizimi bilan jihozlanadi va qayta ishlangan kamera moduliga ega bo‘ladi. Eng yuqori konfiguratsiyalarda 20 GB RAM va hatto aktiv sovutish tizimi qo‘llanishi mumkinligi aytilmoqda.
Yangilangan Mate X7: yanada katta ekran va mustahkamlik
Mate X7 buklanadigan smartfoni ham yangilanadi. Unda:
- 7,95 dyuymli 2K displey,
- yupqa UTG-oyna,
- takomillashtirilgan kamera tizimi,
- kattalashtirilgan batareya sig‘imi bo‘lishi kutilmoqda.
Qurilma yangi ranglarda ham taqdim etiladi: Obsidian Black va Cosmic Red.
Huawei flagmanlarining barcha texnik tafsilotlari 25-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdimotda oshkor qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Aito M8 Xitoy bozorida 200 kunda 120 ming dona sotilgani haqida yozgandi.