
Amerikalik mashhur aktyor Tom Kruz kinematografga qo‘shgan ulkan hissasi uchun faxriy Oskar bilan taqdirlandi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Mukofot aktyorga kinoijodkorlar hamjamiyatiga, kino tomosha madaniyatiga hamda kaskadyorlik sohasiga ko‘rsatgan sadoqati uchun topshirildi. Statuetkani Kruzga ayni paytda u bilan yangi film ustida ishlayotgan rejissor Aleksandro Gonsales Inyarritu taqdim etdi.
Mukofotni qabul qilib olar ekan, Tom Kruz uchun kino — dunyoni kezish va insonlarni chuqurroq tushunishning eng kuchli vositasi ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kino turli madaniyatlar orasidagi farqlarni qadrlashni o‘rgatadi, lekin odamlarni birlashtiradigan umumiy his-tuyg‘ular ham mavjud.
«Biz qayerdan bo‘lishimizdan qat’i nazar, kinoteatrda birga kulamiz, birga hayajonlanamiz, birga umid qilamiz. Mana shu — san’atning kuchi. Kino men uchun shunchaki ish emas, bu — mening hayotimning o‘zi», — dedi aktyor.
Kruz bolaligidan boshlab kino borasidagi ishtiyoqi haqida ham gapirdi. U ilk bor kinoteatrda ekranni yorib chiqqan yorug‘lik nuri unga butunlay yangi dunyo ochganini esladi.
«O‘sha nur tasavvurimni kengaytirdi va menga hayot o‘ylaganimdan ancha katta ekanini ko‘rsatdi. Shu paytdan boshlab men o‘sha nur ortidan borishni boshladim», — deya esladi u.
Faxriy Oskar deyarli 80 yildan beri beriladi va u aniq bir film yoki yil uchun emas, balki alohida toifalarga sig‘maydigan yuksak yutuqlar uchun topshiriladi. O‘tgan yili laureatlardan biri mashhur bastakor va produser Kuinsy Jons bo‘lgandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik bloger Uill Smitga chopon sovg‘a qilgani haqida yozgandi.