
VI Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi 18-noyabr kuni turli sport turlarida jami 13 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ xabar bermoqda.
Yengil atletika bahslarida sportchilarimiz kunning eng yorqin natijalarini qayd etishdi. Ibrohim Mahkamov uch hatlab sakrash bo‘yicha, Amir Nagayev balandlikka sakrash bahsida hamda Nodir Norboyev o‘nkurash yo‘nalishida raqiblaridan ustun kelib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Zahiriddin Shokirov o‘nkurash musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Para yengil atletikada esa Yorqinbek Odilov disk uloqtirishda ikkinchi o‘rinni egallab, delegatsiyamiz jamg‘armasiga yana bir kumush medal qo‘shdi.
Zarinaxon Nosirjonova bosqon uloqtirishda uchinchi o‘rinni band etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Kurash musobaqalarida ham hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yunon-rum kurashi bo‘yicha Alisher G‘aniyev (-60 kg) finalda g‘alabaga erishib, O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi.

Qilichbozlik bahslari ham medallarga boy bo‘ldi. Rapira yo‘nalishida Ilyas Molina kumush, Radmir Semeneyev esa bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shpaga yo‘nalishida Sevara Rahimova kumush, Shahzoda Egamberdiyeva bronza medal bilan taqdirlandi. Shunday qilib atletlarimiz 4 ta oltin, 4 ta kumush va 5 ta bronza medallariga ega chiqishdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Balandlikka sakrash va bosqon uloqtirish bo‘yicha medallar qo‘lga kiritilgani haqida xabar bergan edi.