Javohir Sindarov FIDE Jahon kubogi finaliga chiqdi

23-noyabr 2025 17:23 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Javohir Sindarov
Foto: Olamsport

Grossmeyster Javohir Sindarov O‘zbekiston tarixida ilk bor Nomzodlar turnirida ishtirok etishni ta’minlagan shaxmatchiga aylandi. U FIDE Jahon kubogi yarim finalida vatandoshi Nodirbek Yakubboevni tay-breykda 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi.

O‘zbekistonlik shaxmatchilar o‘rtasidagi dastlabki ikki klassik partiya durang bilan yakunlangandi. Rapiddagi uchrashuvda Sindarov g‘alaba qozondi va ikkinchi rapidda durangni ushlab, final yo‘llanmasini hamda amaldagi jahon chempioniga raqib bo‘ladigan asosiy saralash bosqichi – Nomzodlar turniriga avtomatik yo‘l oldi.

Finalda Sindarov Xitoy vakili Vey I bilan kuch sinashadi.

Yakubboev esa uchinchi o‘rin va Nomzodlar turniriga qolgan yagona yo‘llanma uchun rossiyalik Andrey Yesipenkoga qarshi bahsni davom ettiradi. Yesipenko tay-breykda Vey Iga imkoniyatni boy bergandi.

Agar Yakubboev g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ikki nafar shaxmatchi bilan Nomzodlar turnirida ishtirok etishi mumkin. Bu jahon shaxmat sahnasida juda noyob hodisa hisoblanadi.

Jahon kubogi final bahslari 24 – 26 noyabr kunlari o‘tkaziladi. Barcha partiyalar Toshkent vaqti bilan soat 14:30 da boshlanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi Jahon kubogi yarim finaliga chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek