
BYD Braziliya bozorida BYD Atto 8 modelini rasman taqdim qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Uning narxi $74,2 mingdan boshlanadi. Model dizayni asosan Tang L modeliga mos, biroq Braziliya bozori uchun ayrim o‘zgarishlar kiritilgan. Old qismdagi keng xrom panel saqlangan, biroq emblema lotin yozuvidagi BYD belgisi bilan almashtirilgan. Xitoydagi ayrim versiyalarda qo‘llanilgan tomdagi lazer lidar Braziliya uchun olinib tashlangan. D-ustun shakli ham Tang L dagidek bo‘lib, uchinchi qatorda o‘tiruvchilar uchun yorug‘lik va ko‘rish burchagini yaxshilaydi.

Salon ichida BYD qatlamli geometrik shakllardan foydalangan. Asosiy panelda bambuk o‘ymakorligiga o‘xshash trimlar bor. Braziliyalik mutaxassisning aytishicha, Atto 8 Xitoydagi kabi katta aylanuvchi sensor ekran va raqamli asboblar panelini saqlab qolgan. Yakuniy jihozlanish talablari sertifikatlash jarayoniga qarab farq qilishi mumkin.
Avtomobil BYD kompaniyasining DM-p gibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda 1,5 litrli turbobenzin dvigatel va ikki elektromotor ishlaydi. Umumiy quvvat 488 ot kuchiga yetadi. Model xuddi Xitoydagi kabi elektron boshqaruvli AWD tizimidan foydalanadi. Braziliya uchun rasmiy elektr yurish masofasi hali e’lon qilinmadi, ammo Tang L DM-p Xitoy bozorida uzun EV yurish zaxirasiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Atto 2 gibrid modeli savdoga chiqqani haqida yozgan edi.