
Huawei kompaniyasi o‘zining simsiz quloqchinlari FreeBuds Pro 5’ni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi FreeBuds Pro 5 quloqchinlari ilg‘or funksiyalar bilan jihozlangan. Jumladan, qurilmada Huawei StarFlash E2.0 texnologiyasi ishlatilgan. U 2,4 GHz va 5,8 GHz chastotalarida ishlaydi va nazariy tezligi 16 Mbit/s, amalda esa 4,6 Mbit/s ni tashkil qiladi.

Modelda Kirin A3 protsessori mavjud bo‘lib, u StarFlash E2.0 texnologiyasi bilan birgalikda 96 kHz/24 bit sifatida yo‘qotishsiz audio uzatishni ta’minlaydi. Har bir naushnikda ikki transduser mavjud bo‘lib, yuqori sifatli ovoz berishga yordam beradi.
Shu bilan birga, FreeBuds Pro 5 naushnikida dunyoda ilk marta ikki kanalli aktiv shovqinni bostirish tizimi o‘rnatilgan. Bu tizim shovqinni bostirish effektini 220 foizga oshiradi. Qurilmada sun’iy intellekt ham mavjud bo‘lib, u foydalanuvchining eshitish qobiliyatini baholab, zarurat tug‘ilganda eshitish apparati kompensatsiya rejimini yoqadi.
Shuningdek, naushnik shovqinni bostirish funksiyasi yoqilganda 5 soat ishlaydi, quvvat qutisi bilan birga esa umumiy ishlash vaqti 33 soatni tashkil qiladi. Bundan tashqari, qurilma IP67 standarti bo‘yicha suv va changdan himoyalangan. FreeBuds Pro 5 narxi $205 ni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya MatePad Edge gibrid qurilmasini taqdim etgan edi.





