
O‘zbekistonda elektron tijorat bozori jadal kengayib bormoqda. Mahalliy marketpleyslar, ijtimoiy tarmoqlardagi do‘konlar va xalqaro platformalardan buyurtma berayotganlar soni yil sayin ortmoqda. Biroq onlayn xaridlar soni ko‘paygani sari xavfsizlik, sifat va ishonchlilik masalalari ham alohida e’tibor talab etmoqda. Quyidagi Kursiv Uzbekistan onlayn xarid qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun eng muhim tavsiyalarni taqdim etadi.
Maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:
- Mahsulot tavsifini o‘rganish
- Sotuvchi va mahsulot reytingi
- Xavfsiz to‘lov usullari
- Yetkazib berish narxi va muddati
- Qaytarish va kafolat siyosati
- Narxlarni solishtirish
- Maxfiylik va kibergigiyena qoidalari
- Ongli xarid qilish
- Buyurtmani tekshirib ko‘rish

Mahsulot tavsifini o‘rganish
Onlayn xaridni to‘g‘ri amalga oshirishning birinchi bosqichi mahsulot haqidagi barcha ma’lumotni sinchiklab o‘rganishdir. Xaridni boshlashdan avval uning materiali va texnik xususiyatlariga, o‘lchamlariga (ayniqsa kiyim-kechak va poyabzal bo‘lsa), tovarning komplektatsiyasiga, taqdim etilgan asl va real fotosuratlar orasidagi farqlarga hamda sertifikat yoki brendga oid izohlarga e’tibor berish kerak. Mahsulot tavsifi qanchalik batafsil va aniq bo‘lsa, xaridorning tanlovi shunchalik ishonchli bo‘ladi.
Quyida kiyim o‘lchamlarini aniqlash uchun o‘lchov qo‘llanmalari:

Sotuvchi va mahsulot reytingi
O‘zbekistonlik xaridorlar orasida eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri — sotuvchi va mahsulot reytingini tekshirmasdan sotib olishdir. To‘g‘ri tanlov qilish uchun avvalo sharhlar soni va reytingiga e’tibor berish, do‘konning ochilgan sanasini ko‘rib chiqish, mijozlar fikrlaridagi real tajribalarni o‘rganish lozim. Shuningdek, bir xil jumlalardan iborat, haddan tashqari maqtovli yoki tabiiy bo‘lmagan baholar soxta sharhlar belgisi bo‘lishi mumkin. Agar sharhlar sun’iy tuyulsa yoki do‘kon yaqinda ochilgan bo‘lsa, bunday platformada xarid qilish bilan bog‘liq xavfsizlik sezilarli darajada pasayadi.
Yuqorida O‘zbekistondagi mashhur marketpleysdagi sotuvchi reytingi, mahsulot reytingi, sharhlari va sotuvlar soni aks etgan rasmlar havola qilindi. Shuningdek, oxirgi suratdagi kabi notabiiy yoki o‘ta bo‘rttirilgan izohlarga ishonish doim ham yordam bermaydi.

Xavfsiz to‘lov usullari
Onlayn xarid jarayonida eng ishonchli to‘lov usullaridan foydalanish xavfsizlikni ta’minlaydi. Eng avvalo, Humo yoki Uzcard orqali rasmiy platformalarda to‘lov amalga oshirish, shuningdek Payme, Click yoki boshqa shu kabi tasdiqlangan to‘lov tizimlaridan foydalangan ma’qul. Bundan tashqari, ayrim holatlarda mahsulotni qo‘lga olgan vaqtda to‘lov qilish ham xavfsiz variant hisoblanadi. Biroq, karta raqamini sotuvchiga yuborish, shubhali tarzda «oldindan to‘lov» talab qiladigan do‘konlar bilan ishlash va HTTPS himoyasi yo‘q saytlar orqali to‘lov qilish tavsiya etilmaydi.

Yetkazib berish narxi va muddati
Onlayn xaridda logistika ham muhim ahamiyatga ega. Mahalliy platformalarda yetkazib berish odatda 1–3 kun ichida amalga oshiriladi, biroq ayrim hududlarga borish vaqti cho‘zilishi mumkin.
Xalqaro marketpleyslarda esa yetkazib berish muddati odatda 15–60 kunni tashkil etadi va ba’zi tovarlar uchun bojxona to‘lovlari ham mavjud bo‘lishi mumkin. Shuningdek, «tekin yetkazib berish» aksariyat hollarda minimal xarid summasi sharti bilan amalga oshiriladi. Xarid qilayotganda bu kabi shart va talablarni oldindan bilish zarur.

Qaytarish va kafolat siyosati
Ko‘pchilik xaridorlar mahsulotni qaytarish va kafolat bo‘limini e’tiborsiz qoldiradi, ammo aynan shu bandlar muammo yuzaga kelganda sizni himoya qiladi. Shu sababli xarid qilishdan oldin quyidagilarni aniqlab olish lozim:
– Mahsulotni nechchi kun ichida qaytarish mumkin?
– To‘lovni qaytarish muddati qancha?
– Qaytarish xarajatini kim to‘laydi?
– Qutilari ochilgan mahsulotni qaytarish mumkinmi?
Agar ushbu siyosat noaniq bo‘lsa, xarid bilan bog‘liq xavf sezilarli darajada oshadi.

Narxlarni solishtirish
Bir xil mahsulot turli do‘konlarda turlicha narxda bo‘lishi mumkin. Xaridni tejamkor va samarali qilish uchun bir nechta usullardan foydalanish ma’qul. Turli marketplace’larda narxlarni solishtirish, kupon va promo-kodlardan foydalanish hamda savdo bayramlarida (11.11, Juma chegirmalari va hkz) xarid qilish shular jumlasidandir. Biroq, haddan tashqari past narxlar ba’zan shubha uyg‘otishi mumkin.

Maxfiylik va kibergigiyena qoidalari
Onlayn xarid qilayotganda shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qiling. Buning uchun bir nechta qoidalarga amal qilish zarur. Kuchli parollar ishlating. Ikki bosqichli himoya funksiyasini yoqib qo‘ying. Shubhali SMS yoki havolalarni ochmaang, tanish bo‘lmagan saytlar orqali to‘lov qilmang. Telegram hamda Instagram’dagi noma’lum do‘konlardan ehtiyot bo‘ling. Kibergigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling.

Ongli xarid qilish
Onlayn savdolarda hissiyot bilan xarid qilish eng ko‘p uchraydigan muammolardan biridir. Buning oldini olishning oddiy yo‘llari mavjud. Xarid qilishdan oldin xaridlar ro‘yxatini tuzib olish lozim.Bu rejadan tashqari mahsulotlarga qiziqishni pasaytiradi. Savatga qo‘shilgan mahsulotni 24 soat kutib, so‘ng, xaridni qayta o‘ylab ko‘rish mumkin. Ushbu usullar ortiqcha xarajatlarning oldini olishga va marketing qurboni bo‘lib qolmaslikka yordam beradi.

Buyurtmani tekshirib ko‘rish
Buyurtma yetib kelgach, mahsulotni diqqat bilan tekshirish lozim. Tekshirish jarayonida tovarning holati, komplektning to‘liqligi, tavsifga mosligi va agar elektronika bo‘lsa qisqa sinovdan o‘tkazish zarur. Agar muammo aniqlansa, buyurtmani olish punktidagi operatorga yoki rasm asosida platformadagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qiling.

Xulosa o‘rnida, O‘zbekistonliklar onlayn xarid qilishda xavfsizlik, sotuvchi reytingi, to‘lov tizimlari, qaytarish siyosati va mahsulot tavsifiga alohida e’tibor qaratishi lozim. Internetdagi qulaylikdan to‘g‘ri va ongli ravishda foydalanish vaqt, pul va asabni tejaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qanday qilib pulni samarali tejash mumkinligi haqida maqola e’lon qilgan edik.






